Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koreya bilan hamkorlik samarasi
19:18 / 2026-01-19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish belgilangan.

Mazkur qaror asosida “O‘zbekiston Respublikasi fitosanitariya xizmati salohiyatini rivojlantirish, o‘simliklar karantini chegara punktlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida umumiy qiymati 6,7 million AQSH dollariga teng grant mablag‘i hisobidan o‘simliklar karantini chegara punktlari faoliyatini takomillashtirish rejalashtirilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 dekabrda Koreya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolangan bo‘lib, mazkur hujjat ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ushbu hamkorlik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi huzuridagi markaziy fitosanitariya laboratoriyasining moddiy-texnik bazasi izchil mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda ushbu laboratoriya nafaqat hududiy, balki respublika miqyosida fitosanitariya xizmatlarini xalqaro standartlar asosida amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan muhim markazlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Janubiy Koreyaning nufuzli KOICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini fitosanitariya nazoratidan o‘tkazish, zararkunandalar va o‘simlik kasalliklarini aniqlashga qaratilgan loyiha izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida laboratoriya zamonaviy va yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlanmoqda.

Yangi uskunalar fitosanitar tahlillar o‘tkazish samaradorligini sezilarli darajada oshirib, karantin ostidagi mahsulotlarda zararli organizmlarni aniqlash hamda ularni xalqaro standartlar asosida baholash imkonini bermoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga tayyorlash jarayonida talab etiladigan fitosanitariya sertifikatlarini tez va ishonchli rasmiylashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, laboratoriya salohiyatini oshirish xodimlarning kasbiy malakasini rivojlantirish bilan uzviy bog‘liq. Shu maqsadda Janubiy Koreyadan jalb qilingan malakali mutaxassislar tomonidan fitosanitariya xodimlari uchun yangi uskunalardan foydalanish, ularni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro diagnostika metodologiyalariga oid maxsus o‘quv-treninglar tashkil etilmoqda.

KOICA tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasida fitosanitariya xizmatlari salohiyatini oshirish, chegara bojxona punktlarida zamonaviy laboratoriya tizimlarini joriy etishni nazarda tutadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham bu yo‘nalishda sezilarli ijobiy natijalarga erishilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga tegishli markaziy fitosanitariya laboratoriyasi binosini mukammal ta’mirlash belgilangan. Hozirgi kunda ushbu ob’ekt bo‘yicha smeta hujjatlari tayyor bo‘lib, qurilish tashkilotini aniqlash jarayonlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Dovut-ota” chegara bojxona posti hududida ham tovarlarni fitosanitariya nazoratidan o‘tkazish uchun yangi laboratoriya tashkil etilmoqda. Mazkur laboratoriyaning ishga tushirilishi eksport bilan birga import qilinayotgan karantin ostidagi mahsulotlarni ham hududning o‘zida ekspertizadan o‘tkazish imkonini yaratib, tadbirkorlar uchun qulay sharoit va vaqt tejamkorligini ta’minlaydi.

Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi hamda “Dovut-ota” bojxona posti hududida tashkil etiladigan laboratoriyalar ta’mirlash ishlari yakunlangach, belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, ushbu laboratoriyalarda zamonaviy asbob-uskunalar yordamida xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan fitosanitariya ekspertizalari amalga oshiriladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri