Qashqadaryo viloyati Qarshi tumaniga qarashli Charog‘il mahallasi tumanning chekka hududlaridan biri sanaladi. Asosan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan massivda 3 ming 100 nafar aholi yashaydi.
Qishloqdan tuman markaziga qatnaydigan eng yaqin yo‘lning uzunligi taxminan 10 kilometrdan ziyod va unda kollektor hamda zovurlar ustidan o‘tgan 3 ta ko‘prik mavjud. Qishloq aholisini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammo ham ayni shu ko‘prik va yo‘l bilan bog‘liq.
Fuqarolarning murojaatiga asosan aytilgan manzilga yetib bordik. Haqiqatdan qishloqqa olib boruvchi yo‘l anchagina ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Mashinada harakatlanar ekansiz ba’zi joylarda yo‘l yurishning imkoni yo‘q, chunki hamma joyi uydim, chuqur. Ayrim joylarida yo‘l chetidan harakatlanishga majbur bo‘lasiz.
Birinchi ko‘prikda to‘xtab holatni o‘rgana boshladik. O‘tgan, qaytgan yo‘lovchilarning fikrlarini tingladik.
– Shu yo‘ldan qatnab, tuman shifoxonasida uzoq yillar ishladim, hozir pensiyadaman, – deydi Xushvaqt Po‘latova. – Yo‘l juda nosoz, ko‘priklarimiz esa undanda xarob. Yog‘ingarchilik paytlarida yurakni hovuchlab o‘tamiz. Necha yillardan buyon murojaat qilamiz. Yo‘ldagi chuqurlarni qo‘ldan o‘tar qilib yamab ketishadi. Bir yomg‘ir yog‘sa, yana ahvol shu.
Aholi tilida “tez oqar” deb ataladigan zovur ustida qurilgan birinchi ko‘prikning uzunligi taxminan 50 metrlar keladi. Plitalarning bir-biriga ulashgan joylari bir qarichgacha ochilib qolgan. Ostidagi ahvol esa undan ham achinarli. Ko‘prikni ko‘tarib turgan beton ustunlar allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan, yemirila boshlagan. Katta-katta yoriqlar paydo bo‘lgan va xavfli holatga kelib qolgan.
– Ko‘priklarimiz yaroqsiz holga yetib keldi, – deydi charog‘illik Olimjon Rahmonov. – Shaharga chiqadigan asosiy yo‘limiz shu. Nishon tumani va Qovchin qishlog‘i orqali chiquvchi yana bitta yo‘l bor, lekin u 20 kilometr uzoqlashib ketadi. O‘tgan yili qish paytida ko‘prik yorilib ketdi, juda qiynaldik. Hashar yo‘li bilan ta’mirladik. Lekin u uzoqqa bormaydi. Kuniga 40 talab katta mashina zavodga paxta tashiydi. Mana qish kelyapti yana yorilib ketadi. Yo‘limizning 20 kilometri juda rasvo. Ichki yo‘llarniku aytmasa ham bo‘ladi. 53 yoshga kirdim, ammo biror marta ta’mirlanganini eslay olmayman.
Ikkinchi ko‘prik birinchisiga nisbatan kichikroq ekan. U ham ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Odamlarning aytishicha, ushbu ko‘priklar o‘tgan asrning 70 yillarida qurilgan, ammo o‘shandan buyon biror marta ta’mirlanmagan. Ostidagi ustunlarning ayrimlari yemirilib tamom bo‘lgan. Eng yomoni ushbu zovurlarda suv yil davomida oqib turadi.
Hududda ekanimizni eshitgan mahalla raisi ham kelib qoldi. Undan ham ushbu holat bo‘yicha fikr oldik.
– Yo‘l va ko‘prik masalasi bo‘yicha aholimiz murojaat qilib keladi, – deydi “Charog‘il” MFY raisi Mirjamil Eshmurodov. – Tuman markazidan qishlog‘imizga yetib kelguncha asosiy 3 ta ko‘prik bor. Har bir ko‘prik ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Aholi tuman markaziga asosan shu yo‘ldan qatnaydi. Boshqa muqobil yo‘l yo‘q. Tegishli tashkilotlarga ma’lum qilganmiz. Ko‘priklar yaxshilanib, yo‘llarimiz ta’mirlansa, elimiz uchun juda foydali bo‘lardi.
Odamlar bilan suhbatlashar ekanmiz mazkur yo‘lning ahamiyati katta ekani, aholi undan maktab, bog‘cha, shifoxona hamda boshqa ijtimoiy ob’ektlarga borishda doimiy ravishda foydalanishi ta’kidlanmoqda. Shu bois fuqarolar mas’ul idoralar tomonidan ushbu masalaga tezroq e’tibor qaratilishini bot-bot qayd etmoqda.
Xo‘sh, mas’ullar bunga nima deydi? Ushbu holat bo‘yicha izoh so‘rash maqsadida tuman hokimligi va yo‘l qurilishi tashkiloti vakillarini shu yerga chaqirtirdik.
Tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi bosh muhandisi Navro‘z Berdiyevning aytishicha, ko‘priklar va yo‘l ta’miri masalasi bo‘yicha o‘tgan yili ham takliflar berilgan, ammo moliyalashmay qolgan. Bu yil yana qayta takliflar kiritilgan va mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
– Asosiy mablag‘imiz qo‘mitadan moliyalashadi, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi bosh muhandisi Navro‘z Berdiyev. – Bu yil ham taklif jo‘natdik. Haqiqatdan plitalar charchagan. Nasib bo‘lsa, 2026 yilning ikkinchi yoki uchinchi choragida yangidan quriladi. Qatnov qismida muammo bo‘lmaydi. Masalan, joriy yilda ham tuman bo‘yicha yettita ko‘prik rekonstruksiya qilindi. Yana beshta ta’mirtalab ko‘priklarimiz qoldi. 2026 yilda ular ham yangidan ta’mirlanadi nasib etsa. 3 kilometr qismiga asfalt ham yotqiziladi. Ikkita ko‘prik uchun 3,5 milliardga yaqin mablag‘ so‘ralgan.
[gallery-26723]
Mas’ullarning izohiga ko‘ra, charog‘illiklarning uzoq yillik muammosi keyingi yilda batamom yechiladi. Ko‘prik ham zamonaviy qilib ta’mirlanadi. Shu o‘rinda aytish kerakki, yo‘l va ko‘priklarning bu qadar abgor holga kelib qolishiga, keyingi yillarda transport sohasi taraqqiy etib, zamonaviy og‘ir yuk mashinalarining kirib kelishi ham sabab bo‘lmoqda. Har biri 30-40 tonna keladigan ushbu texnikalar har qanday yo‘lni nosoz holatga keltirishi hech gap emas. Charog‘il qishlog‘ining yo‘lidan ham doimiy ravishda mana shunday og‘ir texnikalar paxta va g‘alla tashiydi. O‘ylaymizki, mas’ullar ko‘priklarni loyihalashtirayotganda ushbu omillarni ham hisobga oladi. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.
Mavzuga hali qaytamiz.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA