O‘zA tanqididan so‘ng
O‘tgan yilning iyun oyida saytimizda “Omonat ko‘prik” sarlavhali tanqidiy maqola chop etgandik. Unda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining Achchig‘i mahallasiga qarashli Chaqar qishlog‘ini oralab oqib o‘tgan “Tanhozdaryo” ustiga qurilgan va Chaqar qishlog‘ini daryoning narigi qirg‘og‘i bilan bog‘lab turuvchi asosiy vosita hisoblangan, sel suvlari natijasida omonat holga kelib qolgan ko‘prik haqida hikoya qilgandik.
Qishloq odamlari asosiy qishloq xo‘jalik yerlari va ekin maydonlari daryoning narigi tomonida ekani, bundan tashqari u tomonda ham yangi xo‘jaliklar yashayotgani, shu bois ko‘prik juda muhim vosita ekanini ta’kidlashgandi.
Ko‘prik o‘tgan asrning 80-yillarida qurilgan bo‘lib uzunligi 36 metrni tashkil qiladi. Ammo o‘tgan yillar davomida biror marta ham ta’mirlanmagan. O‘shanda mas’ullar daryo suvi pasaygach, yonidan vaqtinchalik yo‘l qurib berilib, ko‘prik qurilishi boshlanishini aytishgandi.
Oradan bir yildan ortiqroq vaqt o‘tib, nihoyat ko‘prik ta’miriga kirishilibdi. Biz ham manzilga takror borib, jarayonni kuzatdik. Haqiqatdan ko‘prik qurilishi ishlari avjida. Tayanch beton ustunlar qoqib bo‘lingan. Plitalar keltirilgan. Ustunlarni betonlash uchun metall panjalarni to‘qish ishlari olib borilmoqda. Loyiha haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida quruvchilardan birini suhbatga chorladik.
– Loyihaga ko‘ra, ko‘prikning uzunligi 54 metr bo‘lib, mashinalar o‘tishi uchun mo‘ljallangan qismi 4,5 metr, ikki tarafdan bir metrdan piyodalar o‘tish yo‘lakchasi qoldirilgan, – deydi “O‘zyo‘lko‘prikklastr” Qashqadaryo filiali ish yurituvchisi Abror Ko‘charov. – Ko‘prik uchta tayanch oralig‘idan iborat bo‘lib, har bir oraliqqa 18 metrlik uchta plita qo‘yiladi. Loyihaning umumiy qiymati 3 milliard 600 million so‘mni tashkil etadi. Qurilish ishlari joriy yilning avgust oyida boshlandi. Nasib bo‘lsa, yil oxiriga qadar yakunlashni rejalashtiryapmiz. Yuk ko‘tarish qobiliyati 120 tonna. Qirg‘oq qismida ikki tomonidan 10 metrdan 20 metr qanot himoya qismi ham betonlanadi. Hozir oldingi va orqa tayanch qoziqlarni qoqish va ko‘tarish ishlari olib borilmoqda. Qatlamlar o‘rnatilgan. Loyihaga ko‘ra, ko‘prik 50 yildan ortiqroq muddatgacha xizmat qilishi kafolatlangan.
Ko‘prik qurgan savob, degan naql bor xalqimizda. Chaqarliklar hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun. Ularning qay biri bilan gaplashmang, shukronalik tuyg‘ularini izhor qiladi.
[gallery-25532]
– Qishloq xo‘jalik ekinlarimiz asosan daryoning narigi tomonida. Shu maqsadda qurilgan bu ko‘prik, – deydi shu qishloqlik Suvon Alimardonov. – 2020 yilda ham bir sel olib ketib, qirg‘og‘i ta’mirlangan edi. O‘tgan yili suv narigi tomonidagi qirg‘og‘ini yuvib ketdi va ko‘prikning o‘zi egilib, xavfli bo‘lib qolgandi. Mana qayta ta’mirlanyapti. Bundan juda xursandmiz. Nasib etsa, mustahkam qilib qurilyapti, uzoq yillar aholimizga xizmat qiladi, degan umiddamiz.
Ko‘prik masalasida kelganimizni eshitgan “Achchig‘i” MFY raisi To‘lqin Ochilov biz bilan suhbatda keyingi yillarda boshqa hududlardagi kabi mahallada ham ko‘plab bunyodkorlik ishlari bo‘layotgani va bu aholining turmushi farovonlashuviga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
– Mahallamizda 1 ming 243 ta xonadon, 1 ming 506 ta oila mavjud, – deydi “Achchig‘i” MFY raisi T.Ochilov. – Oxirgi ikki yil ichida mahallamizda ko‘plab obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borildi. O‘tgan yilning o‘zida 125 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi, 280 o‘rinli maktab, oilaviy poliklinika yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda esa qariyb 600 million so‘m mablag‘ evaziga sug‘orish tizimi uchun nasos stansiyasi qurildi. Bundan tashqari, 301 ta tayanch ustun o‘rnatilib, 11 kilometr uzunlikda havo liniyasi tortildi, 3 ta transformator olib kelindi. Hozir ushbu ishlar yakunlanish arafasida. Eng muhim yangiliklardan biri, ko‘prik qurilishi boshlangan. Bu aholimiz uchun ahamiyatlidir. Chunki bahor va qish mavsumlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida mavjud ko‘prik ancha ta’mirtalab bo‘lib qolgandi. Quruvchilar yil oxirigacha ishni yakunlashni aytishmoqda. Bundan juda xursandmiz.
Albatta, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati ham aslida shu – odamlarni rozi qilish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish. Bunga Achchig‘i mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari yaqqol misol bo‘ladi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA