Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘prik qurgan va yo‘l ta’mirlaganlar elda aziz bo‘ladi
20:25 / 2023-05-11

Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda

Jami 329 ta yo‘l ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 397 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Bu boradagi belgilangan vazifa va topshiriqlarni muddatida, sifatli bajarish uchun loyihalar shakllantirilgan. Bunda jamoatchilik fikri va talablari inobatga olindi.

Bu o‘rinda Prezidentning 2022 yil 25 oktyabrda imzolangan “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Toshkent viloyatida qilinayotgan ishlar haqida so‘z bormoqda.

Bu boradagi loyihalar xalq deputalari viloyat kengashi tomonidan tasdiqlangan. 48 kilometr sement-beton, 610 kilometrdan ortiq asfalt-beton, 40 kilometrga yaqin piyodalar yo‘laklari, 8 ta ko‘prik qurish rejaga kiritildi. Hududda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Xususan, viloyatning Parkent va Bo‘stonliq tumanlaridagi umumfoydalanuvidagi avtomobil va ichki yo‘llarning ta’mirlanishi e’tiborga molik. Bu nafaqat aholiga qulayliklar yaratadi, balki hududga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi ortishiga ham xizmat qiladi.

– Markaziy ko‘chamiz kengaytirilib, asfalt yotqizildi, – deydi Parkent tumani “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Husniddin Muhiddinov. – Bu bilan o‘zimizga qulaylik ortdi, harakat xavfsizligi yaxshilandi. Shu bilan birga sayyohlarning Zarkent, So‘qoq qishloqlariga borish yo‘li ham yengillashadi. Ko‘prik qurgan, yo‘l ta’mirlaganlar elda aziz. Mana shu yaxshi ishlarning boshida turganlardan minnatdormiz.

Yuqorida hududda 8 ta ko‘prik qurish va ta’mirlash rejaga kiritilgani haqida ta’kidlagan edik. Bu boradagi ishlar ham belgilangan tartibda davom etmoqda. Ko‘prik qurilish ob’ektlarining oltitasida belgilangan ishlar amalga oshirildi.

Bo‘stonliq tumanining Ozodbosh qishlog‘idan bir soy oqib o‘tgan. Bu suvning ustiga ko‘prik qurilishi odamlarning uzog‘ini ancha yaqin qiladi.

– Bu o‘tkazgichning uzunligi 9 metr, avtomobil harakatlana oladi. Ikki tomonida piyodalar uchun yo‘lak bor, – deydi ko‘prik qurilishi korxonasi mutaxassisi Dilshod Sodiqov. – Bu loyiha oqar suvning ikki chetidagi katta yo‘lni, aholi yashash manzilini bir-biriga bog‘laydi. Odamlarning uzog‘i ancha yaqin bo‘ladi. Foydalanilgan qurilish materiallari sifatli. Uzoq muddat xizmat qiladi.

Hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etishga e’tibor ortmoqda. Xususan, joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti yaxshilanmoqda.

Olib borilayotgan bu kabi xayrli ishlar ortidan aholining yashash tarzi yaxshilanib, hududlarning qiyofasi zamonaviylik kasb etmoqda.

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri