Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘plab hayvon turlari yo‘qolib bormoqda
19:16 / 2025-10-04

4 oktyabr - Jahon hayvonlarni muhofaza qilish kuni

Har kuni yer yuzidan jonivorlarning 3 tadan turi yo‘qolib ketmoqda. Nega?

Buning sabablari turlicha. Ya’ni, tabiatda har bir tirik jon, har bir o‘simlikning o‘z o‘rni, vazifasi bor. Afsuski,  noqonuniy ov qilish, yashash joylarini yo‘qotishi, iqlim o‘zgarishi, tabiatning ifloslanishi kabi omillar sabab ko‘plab jonivorlarning turlari izsiz yo‘qolmoqda.

Xalqaro Yovvoyi tabiatni himoya qilish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, har kuni yer yuzidan jonivorlarning 3 tadan turi yo‘qolib ketmoqda. So‘nggi chorak asr davomida sayyoramizning biologik xilma-xilligi 30 foizga qisqargan.

Shu sabab O‘zbekiston Ekologik partiyasi nafaqat noqonuniy ov qilish, balki juda arzon narxga ruxsatnoma olib, noyob turdagi jonivorlarning keskin kamayib ketishiga sabab bo‘luvchi holatlarni qoralab, bunga jiddiy e’tibor qaratishni so‘ramoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimizda mavjud hayvonot bog‘lari bioxilma-xilligini asrab-avaylash, jonzotlar sonini barqaror saqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi  ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda hayvonot bog‘lari soni 7 ta bo‘lib, ularning umumiy maydoni qariyb 50 gektarga teng. Bu maskanlarda minglab turli xildagi jonzotlar saqlanadi.

Joriy yilning 1 yanvar holatiga hayvonot bog‘larida jami 720 xil turdagi 19 ming 332 ta hayvon mavjud. Hayvonot bog‘laridagi hayvonlar tarkibining asosiy qismi baliqlar va parrandalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jumladan, baliqlar soni 9 ming 600 ta, parrandalar 2 ming 383 ta, sut emizuvchilar 611 ta, sudralib yuruvchilar 453 ta, suvda va quruqlikda yashovchilar 63 ta, boshqa turdagi hayvonlar esa 6 ming 222 tani tashkil etadi.

Bu ko‘rsatkichlar hayvonot bog‘lari faqat hordiq chiqarish joyi emas, balki bioxilma-xillikni saqlashda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ular mamlakatda hayvonot olamiga oid ilmiy tadqiqotlar uchun ham keng imkoniyat yaratadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, har birimiz avvalo o‘z atrofimizdagi jonzotlarga mehr bilan munosabatda bo‘lsak, nafaqat tabiat, balki hayotimiz ham go‘zal bo‘ladi.

Nigora Rahmonova,

O‘zA