Paxtaobod tumanida ko‘pkari musobaqari o‘tkazildi.
Ko‘pkari, uloq xalqimizning qadimiy milliy o‘yinlaridan sanaladi. Paxtaobod tumanida ana shunday o‘yinlar o‘tkazishga mo‘ljallangan maydon tashkil etildi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Paxtaobod tumani Bo‘ston massivida barpo etilgan ushbu maydon ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyo davlatlarida mardlik, jasurlik, epchillik va hallolik asosiga qurilgan ko‘pkari, uloq singari qadim milliy o‘yinlar asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib kelayotganligi, bugungi kunda ham ana shu milliy o‘yinlarni rivojlantirish va targ‘ib qilishga qaratilgan ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Andijon viloyati, Paxtaobod tumani hokimliklari, qator tashkilotlar hamda ko‘pkari, uloq milliy o‘yinlari havaskorlari hamkorligida hududdagi katta toshloq maydon tekislanib, ko‘pkari va uloq o‘tkaziladigan maxsus maydonga aylantirildi.
[gallery-5547]
Maydon ochilishiga bag‘ishlangan tadbirdan so‘ng mohir chavandozlar ishtirokida ko‘pkari musobaqalari o‘tkazildi. Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari hamda Qirg‘iziston Respublikasidan kelgan 500 nafardan ziyod chavandoz qatnashgan o‘yinlar g‘oyat shiddatli kechdi.
Sovringa tuya, otlar, qo‘ylar, gilam va pul mukofotlari qo‘yilgan o‘yinlarda eng mohir chavondozlar g‘oliblar qatoridan joy oldi. Musobaqaning bosh sovrini namanganlik usta chavandoz Karim polvonga nasib etdi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA