French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘pkari musobaqasi targ‘ibot tadbiriga ulandi
13:10 / 2023-04-03

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Beglamishsoy mahallasi kengliklarida Qarshi davlat universiteti tashabbusi bilan “Tashabbusimiz, iqtidorimiz, kuch-qudratimiz – Vatan uchun” shiori ostida ko‘pkari milliy sport turi bo‘yicha “Qarshi davlat universiteti kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.

Talaba-yoshlarning dars mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan tadbirda uloq-ko‘pkari musobaqasida nafaqat viloyatdan mohir polvonlar, balki qo‘shni viloyatlardan ham ko‘plab mahoratli chavandozlar qatnashdi. Dastlab universitet talabalaridan iborat “Universitet-1” va “Universitet-2” jamoalari o‘rtasida musobaqa tashkil etilib, unda “Universitet-1” jamoasi 5-2 hisobida g‘alaba qozondi. G‘olib jamoaga “Qarshi davlat universiteti kubogi” va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.  

Shundan so‘ng o‘tkazilgan olomon uloq ko‘pkari musobaqasida ko‘plab epchil va chapdast chavandozlar uloq ayirdi. Marraga uloqni olib kelgan mohir chavandozlar mehnatiga yarasha televizor, mikroto‘lqinli pech, pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi. Uloq-ko‘pkari musobaqasida bosh sovrin tuyaga Beglamishsoy mahallasidan mohir chavandoz Shuhrat Soliyev egalik qildi. Navbatdagi sovrin ot esa universitetning sport fakulteti 4-bosqich talabasi Shahzod Toshmurodovga nasib etdi.  

Bayramona sport musobaqasi “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori ostidagi targ‘ibot tadbiriga ulanib ketdi. O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Isoq To‘rayev, universitet professori Murodulla Normurodov va boshqalar yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida batafsil ma’lumot berib, barchani referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.  

Xushovoz xonandalar ijrosidagi go‘zal qo‘shiqlar, yosh baxshi, universitet talabasi Salohiddin Qodirovning milliy termalari, sozanda talabalarning jonli ijrodagi musiqalari yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.  

O‘lmas Barotov, O‘zA