Joriy yilning 28–30 noyabr kunlari Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi Milliy gvardiya Chavandozlar maktabining “Otchopar” maydonida katta yoshdagi sportchi-chavandozlar o‘rtasida uloq-ko‘pkari bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi.
Ilk bellashuvni Milliy gvardiya Toshkent va Jizzax viloyatlari jamoalari boshlab berishdi. Bahslar musobaqa qoidalariga muvofiq olib borildi.

Musobaqaning yarim final bahslarida maydonga tushgan Milliy gvardiya Toshkent va Samarqand viloyatlari Chavandozlar maktablari terma jamoalari 3-o‘rin uchun kurashdi. Har bir jamoa polvon chavandozlari chinakamiga matonat ko‘rsatishdi.
Uchrushuv 7:5 hisobida yakunlandi. Milliy gvardiya Samarqand viloyati Chavandozlar maktabi terma jamoasi musobaqaning 3-o‘rin sohibiga aylandi.

O‘zbekiston kubogining final bahsida Milliy gvardiya Toshkent va Sirdaryo viloyatlari Chavandozlar maktablari terma jamoalari kurashdi. O‘ziga xosligi shundaki, bu kurash qaysi jamoa chavandozlari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishini aniqlab beradigan o‘yin edi. Mohir chavandozlar o‘zlarining epchilligi, jasurligi, tezkorligini namoyon etishdi.
Final o‘yinida Toshkent viloyati Chavandozlar maktabi terma jamoasi 4:3 hisobida g‘alab qozondi va O‘zbekiston kubogining mutlaq g‘olibiga aylandi.
G‘olib bo‘lgan terma jamoalar chavandozlariga tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
N.Rahmonova, O‘zA