Xabaringiz bor, bugun Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tumani sudida Otabek Sattoriyning ishiga oid ochiq sud majlisi boshlandi.
E’tiborni tortgan jihati, mazkur sud ochiq-oshkora ko‘rilib, unda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoatchilik vakillari va blogerlarning faol ishtirok etgani bo‘ldi. Jumladan, “Eurasianet.org”ning Markaziy Osiyo bo‘yicha redaktori Piter Leonard (Leonard Peter Dominic, Irlandiya fuqarosi) ham sud ishini bevosita kuzatib, ijobiy fikr bildirdi.
Ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lgan mazkur jinoiy ish ochiq sud majlisida o‘tayotgani mamlakatimizda demokratik tizim asosiga qurilayotgan sudg‘huquq sohasida shaffoflik, ochiq-oshkoralikning ta’minlanayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Sud jarayonida jurnalist va blogerlarga texnik vositalardan bemalol foydalanishga ruxsat berildi. Bunday imkoniyatdan foydalangan ayrim blogerlar sud jarayonlarini ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatib, foydalanuvchilarni vaziyat bilan tanishtirib bordi. Hech qanday to‘sqinlik va g‘ayri ixtiyoriy holatlar kuzatilmadi.
Sudning birinchi kunida asosan blogerga qo‘yilgan ayblovlar o‘qib eshittirildi. Avval xabar berganimizdek, O.Sattoriy Sherobod tumanidagi “Chinora gul baraka” MCHJga qarashli dehqon bozorida yarmarka tashkil etilmagani va bozordagi boshqa salbiy kamchiliklarni qo‘l telefoniga videotasvirga tushirgan.
Salbiy mazmundagi videorolik tayyorlash jarayonida esa u bozor mas’ul xodimlari bilan tortishib qolgan. U mazkur MCHJ rahbari L.To‘rayevga telefon qilib, unga bozorni videotasvirga olish jarayonida o‘zi foydalanib yurgan “RedMI-5+” rusumli qo‘l telefon apparati sinib qolganini ro‘kach qilib, agarda unga yangi “Vivo-X50” rusumli uyali telefon apparati olib bersa, ushbu bozor hududiga kamchiliklarni aniqlash maqsadida bormasligini, agar ushbu telefon apparatini olib bermasa, jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni, shu jumladan bozordagi salbiy holatlar tushirilgan videotasvirlarni internet ijtimoiy tarmog‘iga tarqatib yuborishini aytib, undan tovlamachilik yo‘li bilan “Vivo-X50” rusumli qo‘l telefon apparati olib berishini talab qilgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sattoriy o‘zining yashash uyi oldida fuqaro L.To‘rayevdan tovlamachilik yo‘li bilan talab qilgan “Vivo-X50” rusumli qo‘l telefon apparatini olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Fuqaro O.Sattoriy o‘zining harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan “Tovlamachilik, ya’ni takroran, jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaat berishni yoki mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchining mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish” jinoyatini qasddan sodir etgan.
Bundan tashqari, O.Sattoriyga shu mazmundagi yana bir necha ayblov qo‘yilgan. Ochiq sud majlisida jabrlanuvchilar fikrlari tinglandi. Ayblanuvchi esa ayblovlarni rad etmoqda.
Mazkur ish bilan bog‘liq sud jarayoni davom etadi. Tafsilotlar bilan batafsil tanishtirib boramiz.
Muattar Burhonova, O‘zA