Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘pchilikda havas bilan boshlanadigan yaramas odat yoxud qirolichaga atalgan sovg‘aning illati
08:27 / 2022-05-31

31 MAY – BUTUNJAHON ChEKISHGA QARSHI KURASHISH KUNI

Tamakining vatani – Janubiy Amerika. g‘arbiy qit’asini kashf qilgan Xristofor Kolumb XVI asrda ilk bor Yevropaga keltirgan tamaki keyinchalik yer yuzining boshqa mintaqalariga tarqalgan.  Portugaliyalik elchi J.Niko («nikotin» uning familiyasi tufayli paydo bo‘lgan) fransuz qirolichasi Yekaterina Medichaga noyob tamaki barglarini sovg‘a sifatida taqdim etgan. O‘sha paytda qirolicha surunkali bosh og‘rig‘i kasalligi – migren bilan og‘rigan edi.

U go‘yo tamaki bargini talqon qilib hidlaganida bosh og‘rig‘i qolganday bo‘lgan. Shundan keyin ayrim shifokorlar tamaki tarkibidagi moddalar bosh og‘rig‘ini qoldiradi, degan o‘rganilmagan xulosaga kelishgan.

Tabiiyki, qirolicha tamakisiz yashay olmaydigan bo‘lib qolgan. Eng qizig‘i, bu yaramas odat o‘shanda ko‘pchilikda dastavval havas bilan boshlangan.

Shuningdek, tamaki to‘g‘risida qadimgi quyidagi afsona bor: aytilishicha, bir dono kishi «tamaki sog‘liq uchun zarar» debdi. Shundan so‘ng tamakfurushlarning bozori kasod bo‘lib, hech kim tamaki sotib olmay qo‘yibdi. Bundan norozi bo‘lgan savdogarlar donishmanddan tamaki haqidagi fikrlarini o‘zgartirishni iltimos qilishibdi.

Shunda dono: «Xaloyiq! Tamaki chekkanni it qopmaydi, uyiga o‘g‘ri tushmaydi, qarimaydi», debdi. Shunda do‘stlari «Bu nimasi, oldin tamaki koni zarar, chekmang, derdingizku», deb so‘rashibdi. Shunda dono, «Tamaki chekkan odam hassaga tayanib qoladi, hassali kishini it qopmaydi. Chekkan odam nuqul yo‘taladi, o‘g‘ri uyida odam bor ekan, deb uyga kirmaydi. Chekkan odam qarimasdanoq, yosh o‘lib ketadi», deb javob bergan ekan donishmand.

Aslida bu latifa ortida katta dard bor. Bir qarashda oddiy holdek tuyulgan chekish hozirgi kunda millionlab kishilar umriga zomin bo‘layotganini oddiy nazar bilan ilg‘ab bo‘lmaydi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, yer yuzida har yili uch milliondan ortiq kishi chekish oqibatida erta ko‘z yumayotgani, ya’ni har o‘n uch soniyada bir kishi, har daqiqada besh kishi kashandalik qurboniga aylanayotganidan guvohlik bermoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, kelgusida 500 millionga yaqin kishi tamakidan zaharlanishi mumkin ekan. 2030 yilga kelib esa bir yilda o‘n millionga yaqin kishi chekish qurboniga aylanishi ma’lum qilingan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi 20 yil ichida tamaki chekuvchilar soni 1,1 milliarddan oshib ketadi. Bu esa yer sayyorasidagi har to‘rt odamdan biri tamaki chekishga ruju qo‘yganligini anglatadi. Eng achinarlisi shuki, bu illat yoshlar orasida keng tarqalmoqda.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, tamaki nafaqat chekuvchilarning o‘ziga, balki yon-atrofdagilarga ham jiddiy zarar yetkazadi. Tamakidan ajralib chiqadigan tutun saraton, yurak, o‘pka kasalliklariga zamin yaratadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi 700 million bola tamaki tutunidan zaharlanib, aziyat chekmoqda.

Agar jahon bo‘ylab vaziyat shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, 2030 yilga borib, kashandalik bilan bog‘liq o‘lim ko‘rsatkichi 8 milliondan oshishi, ya’ni bu boradagi umumiy ahvolning 10 foizini tashkil etishi mumkin.

Shunday ekan, chekuvchiga bu illatdan butunlay xalos bo‘lishni tilagan holda aytmoqchimiz: «Chekishni tashlang, umringiz uzayadi!

Abbos YO‘LDOSHEV tayyorladi