Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘pchilik mamlakatlar elektron sigaretani taqiqlashmoqda
17:26 / 2022-06-01

Yaqinda Meksika ham veyplar, snyuslar va tarkibida nikotin  aralashmasi bo‘lgan boshqa turdagi vositalarga qarshi qaratilgan harakatlarga qo‘shildi. Mamlakatda veyplar va elektron sigaretalar sotilishi to‘liq taqiqlandi.

Davlat rahbari bundan buyon Meksikada elektron sigaretalar va veyplarni tarqatish va sotish taqiqlanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi qaror millat, eng avvalo bolalar va o‘smirlar salomatligini himoya qilish maqsadida qabul qilindi. 

Hozirgi kunda qator mamlakatlar, xususan, Singapur, Malayziya, Avstraliya va Norvegiyada  bunday mahsulotlarni  sotish butunlay taqiqlangan. 

Dastlab veyplarga chekishning xavfsiz muqobili sifatida  qaralgan edi. Biroq so‘nggi yillarda olib borilgan taqdiqotlar bu mahsulotlar o‘pka, yurak va qon tomirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatdi. Thorax va American Journal of Ophthalmology jurnallarida nashr etilgan yangi izlanishlar natijalariga ko‘ra, hatto chekuvchining oldida bo‘lish ham insonning nafas olish tizimiga, muntazam chekish esa ko‘z va ko‘rish qobiliyatiga zarar yetkazishi mumkin. 

Nikotin ishlab chiqaruvchilarning hiylalari

Hozirda o‘smirlar va ularning ota-onalari o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratish nihoyatda muhim ahamiyatga ega.  Ular tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan zamonaviy mahsulot nima, u qanday ko‘rinishga ega ekanligi va qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak. Bu mahsulotni ishlab chiqaruvchilar ularni saqich, shirinlik yoki upa qutisiga o‘xshash chiroyli ko‘rinishdagi qutichalarga o‘rab, sotuvga chiqarishmoqda. Zaharli moddalar o‘ralgan idishning tashqi ko‘rinishi xushbo‘y hidlar va yoqimli ta’m bilan to‘ldirilmoqda. Bunday hiyla nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalarini ham yo‘ldan ozdiradi. 

So‘nggi ikki yil davomida tamaki sanoati o‘z foydasini ko‘zlab, yangi turdagi tutunsiz nikotin mahsulotlari – nikotin snyuslarini qizg‘in reklama va targ‘ib qilmoqda. Tamaki sanoatining yolg‘on chaqiriqlari tufayli bu mahsulotlar ayniqsa, yoshlar o‘rtasida juda ommalashdi. Bu muammo ayniqsa  har qanday hid va ta’mga ega snyuslarni ochiq sotib olish mumkin bo‘lgan maktablarda keskin tus olmoqda. Shu sababdan, hatto beshinchi sinf o‘quvchilari orasida ham snyus havaskorlarini uchratish mumkin. Endilikda Toshkent ko‘chalarida, istalgan maktabning yo‘laklari va hovlisida ishlatilgan  snyus qoldiqlarini uchratish mumkin.  

Snyus ishlab chiqaruvchilar bu bilan to‘xtab qolishgani yo‘q, ular o‘z mahsulotlarini yashirishning yangi usullarini o‘ylab topmoqda. Farzandining maktab sumkasidagi fleshka yoki marker aslida kuchli ta’sirga ega elektron sigareta ekanligini hamma ota-ona ham payqamaydi. Ularning tarkibida tamaki moddasi yo‘q, biroq nikotin miqdori oddiy sigareta tarkibidagi dozadan ancha yuqori. 

         Veyplar har xil jins vakillariga turlicha ta’sir ko‘rsatadi 

Biologlar tomonidan sichqonlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazilib, elektron sigaretalarning ularga ta’siri o‘rganildi. Tadqiqot natijalari Circulation ilmiy jurnalida  chop etildi. 

– Ahloqiy sabablarga ko‘ra, bunday tajribani bolalarda o‘tkazib bo‘lmaydi, shu sababli, biz hayvonlardan foydalanamiz. Yangi ma’lumotlar shifokorlar va ota-onalarga elektron sigaretalar bolalar salomatligiga qanday xavf solishini yaxshiroq tushunishiga yordam beradi, - deydi Ogayo shtati universitetining  professori Loren Uold.

So‘nggi yillarda olimlar tomonidan elektron sigaretalardan chiqadigan tutun inson salomatligi uchun xavfli va ayni paytda tamaki tutunidan qolishmasligiga oid  ko‘plab dalillarni aniqlandi. Xususan, yaqinda olimlar o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, veyplardan chiqadigan tutunda zaharli moddalar, kanserogenlar mavjud bo‘lib, ular nafaqat o‘pka saratoni rivojlanish ehtimolini oshiradi,  balki  arteriya va vena qon tomirlarining devorlarini yanada kuchsizlantiradi. 

 L. Uold va uning hamkasblari tomonidan elektron sigaretalarning yurak va qon tomirlari faoliyatining yomonlashuviga olib keladigan oqibatlarni o‘rganildi. Buning uchun olimlar veyplardan chiqadigan tutun yosh sichqonlarning sog‘ligiga qanday ta’sir ko‘rsatishini kuzatdi. Kuzatuv jarayonida ular kemiruvchilarning qanchalik tez o‘sishi, ularning o‘pka va yurak-qon tomirlari tizimida yuzaga keladigan muammolarni o‘rgandi hamda boshqa hayotiy muhim ko‘rsatgichlarni o‘lchab bordi. Bu kuzatuv natijalari kutilmaganda, faqat erkak sichqonlardagina namoyon bo‘lgan va urg‘ochi sichqonlarga xos bo‘lmagan yurak faoliyatidagi jiddiy buzilishlarni ko‘rsatdi. 

Shuningdek, olimlar uch oy davomida elektron sigaretalar tutunidan nafas olgan  erkak sichqonlarning chap qorinchasida buzilishlar kuzatilganini ham aniqladi. L. Uold va uning hamkasblari  kelgusida o‘tkaziladigan  tajriba va kuzatuvlar bu buzilishning qanday va qachon boshlanganini aniqlashga  yordam beradi, deb umid qilmoqda. Bu o‘smirlik paytidan boshlab veyplarni  iste’mol qila boshlagan erkaklarda kuzatiladigan yurak kasalliklarining rivojlanishini to‘xtatadigan davo choralarini ishlab chiqish imkonini beradi. 

Roman BONDARCHUK, O‘zA