Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p yillik muammo o‘z yechimini topdi
14:08 / 2026-02-11

Xovos tumanining olis hududlaridan biri — Paxtakor mahallasi aholisi bugungi kunni katta shukrona va quvonch bilan qarshi olmoqda. Sababi oddiy emas — yillar davomida mahalla aholisini o‘ylantirib kelgan, turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatgan ichimlik suvi va oqova suv tizimi bilan bog‘liq muammolar nihoyat o‘z yechimini topmoqda.

Ma’lumki, shu vaqtga qadar Paxtakor mahallasida ichimlik suvi ta’minoti yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan, mavjud tarmoqlar esa ancha eskirgan edi. Ayrim xonadonlar toza ichimlik suvini uzoq masofadan tashib kelishga majbur bo‘lar, oqova suv tizimining nosozligi esa sanitariya holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatardi. Ayniqsa, mahalla hududida joylashgan 14 ta ko‘p qavatli uy va ularda istiqomat qilayotgan 168 ta xonadon uchun bu muammolar yaqqol sezilardi. Bu holat aholi salomatligiga, ayniqsa bolalar va keksalar hayotiga turli qiyinchiliklar tug‘dirib kelayotgan edi.

–  Bu masala yuzasidan tuman va viloyat mutasaddilariga ko‘p bora murojaat qilganmiz. “Inobatga olindi, kelgusi yil rejasiga kiritildi” degan umidli gaplarni ko‘p eshitganmiz. Ammo amalda sezilarli o‘zgarishni ko‘rmaganmiz. Ko‘p qavatli uyda yashasakda, xonadonlarimizga toza ichimlik suvi kirib kelmagani bizni qattiq o‘ylantirardi. Yozning jazirama issiq kunlarida ham, yog‘ingarchilik paytida asfalt qilinmagan ko‘chalarda loy-balchiq kechib, baklashkalarda suv tashib ichganmiz. Kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq muammolar esa yillar davomida hal etilmay kelayotgandi, –  deydi mahalla fuqarosi, onaxon Shoira Boboyeva.

Eng muhimi, davlatimiz rahbarining aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan qaror va farmonlari, shuningdek, mas’ullarga berilgan aniq topshiriqlari ijrosi doirasida yillar davomida yechim talab qilib kelgan muammolarga amaliy yondashuv boshlandi. Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning e’tibori va tashabbusi bilan Paxtakor mahallasidagi dolzarb masalalar bosqichma-bosqich hal etilmoqda.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan diametri 15–20 mm bo‘lgan 5 kilometr masofaga yangi suv tarmog‘i tortildi. Xonadonlarga zamonaviy talablarga javob beradigan suv hisoblagichlari o‘rnatilib, toza ichimlik suvi to‘g‘ridan-to‘g‘ri uylarga kiritilmoqda. Bu nafaqat aholining kundalik ehtiyojini yengillashtirmoqda, balki suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish imkonini ham yaratmoqda.

Shu bilan birga, yillar davomida xizmat qilib, deyarli ishdan chiqqan oqova suv tarmoqlari to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda. Yangi quvurlar o‘rnatilib, tizim zamonaviy standartlar asosida yangilanyapti. Bu esa mahallada sanitariya-epidemiologik holatning yaxshilanishiga, atrof-muhit muhofazasiga hamda aholining sog‘lom hayot tarzini ta’minlashga xizmat qiladi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur ishlar uchun mahalliy byudjetdan qariyb 700 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ko‘p qavatli uylar atrofida rejasiz qurilgan qurilmalar olib tashlanib, hudud obodonlashtirilmoqda. Ko‘chalar tartibga keltirilib, aholi uchun shahar sharoitiga mos, qulay va xavfsiz muhit yaratilmoqda.

–  2026 yil paxtakorliklar uchun xayrli tashabbuslar bilan boshlandi. Suv, oqova suv tizimi va yo‘l bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topa boshladi. Faqat biz emas, farzandlarimiz va nabiralarimiz uchun ham munosib, havas qilarli sharoitlar yaratilmoqda. Bundan quvonmaslik mumkin emas. Chekka hududga e’tibor qaratilgani uchun yurtboshimizdan minnatdormiz, –  deydi "Paxtakor" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Faxriddin Abdezov.

–  Haqiqatan ham, Paxtakor mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholini suv va oqova tizimi bilan ta’minlash masalasi uzoq yillar davomida mablag‘ va resurslar yetishmasligi sabab dolzarb muammo bo‘lib kelgan edi. Prezidentimizning chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholi uchun munosib shart-sharoit yaratish yuzasidan bergan topshiriqlari hamda viloyat rahbarining e’tibori natijasida bugun ushbu muammolarga amaliy yechim topilmoqda. Ishchi kuchi va maxsus texnika safarbar etilgan. Navro‘z bayramiga qadar barcha ishlar to‘liq yakunlanib, aholiga munosib sharoit yaratiladi. Bu esa haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ladi, –  deydi “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ rahbari Shahboz Akromov.

Haqiqat shuki, Paxtakor mahallasidagi bugungi o‘zgarishlar oddiy qurilish yoki ta’mir ishlari emas. Bu — odamlar qalbiga ishonch bag‘ishlash, yuziga tabassum qaytarish, ertangi kunga umid uyg‘otish demakdir. “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi aynan ana shunday ezgu ishlar orqali namoyon bo‘lmoqda.

Buni mahalla ahli bilan uchrashib, ular bilan samimiy suhbatlashish orqali yaqqol his etish mumkin. Eng muhimi, endi bu yerda suv ham bor, yo‘l ham bor, eng asosiysi — kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch bor.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri