Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p yillik halol mehnat samarasi
23:53 / 2025-09-13

Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga yuksak e’tibor ko‘rsatish, ularning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos xizmatlarini munosib qadrlash davlat siyosati darajasiga aylandi. Bu yil ham O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan bir guruh fidoyi pedagoglar davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Ular orasida Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi  Farhod Haqnazarov ham bor. U ta’lim sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun mamlakatimizning nufuzli mukofotlaridan biri — “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldi.

1983 yilda Guliston tumanida tug‘ilgan Farhod Haqnazarovning ilmga muhabbati oila muhitida shakllangan. Otasi Mamarahim aka tuman madaniyat saroyida badiiy rahbar, onasi Muqaddas aya esa kollejda kutubxonachi bo‘lib ishlagan. Kitob va san’atga mehr, ma’naviy poklik va mehnatsevarlik uning qalbiga bolalikdan singgan.

2007 yilda Guliston davlat universitetining amaliy matematika va informatika yo‘nalishini tamomlagan Farhod mehnat faoliyatini talabalik davridayoq — 2004 yilda 14-maktabda dars berishdan boshlagan. Shundan buyon mazkur   maktabda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Farhod Haqnazarov ilmiy izlanishlari, tashabbuskorligi va fidoyiligi tufayli hamkasblari va shogirdlari orasida katta obro‘-e’tiborga ega. U “Python”, “C++”, “Full Stack”, “Data Analysis”, “Android” kabi dasturlash yo‘nalishlarini chuqur o‘zlashtirib, tajribasini o‘qituvchilar bilan o‘rtoqlashib kelmoqda.

Coursera platformasida turli kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi. Uning muallifligida yaratilgan “Scratch dasturi imkoniyatlari” qo‘llanmasi viloyat maktablarida keng foydalanilmoqda.

Ustozning eng katta boyligi — shogirdlaridir. U tarbiyalagan o‘quvchilar tuman, viloyat va respublika bosqichlarida yuqori natijalarga erishmoqda.  

Farhod Haqnazarov an’anaviy avgust kengashlarida ma’ruzalar bilan qatnashib, ta’lim sohasidagi islohotlarni targ‘ib etib kelmoqda. Shuningdek, informatika fani Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini tajriba-sinovdan o‘tkazishda eksperimentator o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritdi. 2010 yildan buyon o‘qituvchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish malakasini oshirish kurslarini tashkil etishda faollik ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, maktabda tashkil etilgan “Informatika” to‘garagi rahbari sifatida iqtidorli o‘quvchilar bilan samarali ish olib boradi. Tuman miqyosida turli tadbirlar tashkil etib, yoshlarni fanga qiziqtirish va ularning salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

–  Shogirdlarimning muvaffaqiyati — mening eng katta mukofotim, – deydi ustoz samimiyat bilan. Bugun esa uning yuksak mehnatlari davlat tomonidan munosib baholandi.

Farhod Haqnazarovning “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishi nafaqat shaxsiy yutuq, balki Sirdaryolik o‘qituvchilar,  umuman olganda mamlakatimiz ta’lim tizimida sidqidildan xizmat qilayotgan minglab pedagoglarga bo‘lgan yuksak e’tiborning ifodasi bo‘ldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri