Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p uxlagan bolaning bo‘yi uzun bo‘ladimi?
09:40 / 2020-12-16

Ayrim o‘smirlar tengqurlaridan bo‘yi pastligidan uyaladi. Bunday vaziyatda bolaning ruhiy holatida o‘zgarish, siqilish, asabiylashish, tushkunlikka tushish ro‘y beradi, oqibatda esa, boshqa jiddiy kasalliklar ham kelib chiqishi mumkin.

 Xo‘sh, bolaning bo‘yi o‘smay qolishiga nima sabab bo‘ladi? Bunday holatda qanday yo‘l tutish kerak? SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga tibbiyot fanlari nomzodi Nasiba Alimova javob berdi.

— Bo‘y o‘sishi nimaga bog‘liq, agar bolaning o‘smayotganini bilib qolsak kimga murojaat qilish kerak?

— Inson bo‘yining o‘sishi gipofiz bezi ishlab chiqaradigan gormonga bog‘liq. U inson a’zo va to‘qimalarida oqsil hosil bo‘lishini tezlashtiradi. Shu bilan birga, agar organizm kuchsiz ahvolda bo‘lsa, u shunchaki o‘sishdan to‘xtaydi.

Demak, bolangizning o‘smayotganini sezdingizmi, birinchi galda shifokor-endokrinologga uchrab, uni to‘laqonli tekshiruvdan o‘tkazishingiz kerak. Shifokor UTT hamda qonda gormonlar nisbatini aniqlaydi, shuningdek, rentgenografiya yordamida bilak suyaklarini tekshiriladi. Bu tekshiruv bolaning suyaklari o‘sish hududidami yoki yo‘qmi, bilish uchun zarur.

Agar farzandingizning bo‘yidan xavotirda bo‘lsangiz, shubha-gumonlaringizga aniqlik kiritish maqsadida bir necha tekshiruvlar joiz. Bular: bolaning bo‘yi va vazni o‘lchami, bosh sohasining tomografiya tekshiruvi, qo‘l kafti rentgeni, qondagi gormon miqdori, jigar faoliyati, gijjalar tekshiruvi hamda genetik xastalikka gumon qilinganida genetik mutaxassis tomonidan alohida qon tahlili olinadi.

— Bo‘y o‘smay qolishiga nima sabab bo‘ladi?

— Bola bo‘yi o‘smasligining qator sabab va omillari mavjud. Yuqorida keltirilgan tahlillarda bu aniqlanadi. Birinchi navbatda, o‘sishdan to‘xtash irsiyat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bolaning me’yoriy o‘sishida100 ta gen muhim rol o‘ynaydi.

Bo‘yi past ota-onadan tug‘ilgan bolaning uzun bo‘yli bo‘lishi kam kuzatiladi. Bo‘y o‘sishiga organizmdagi ayrim gormonlarning ko‘p yoki kamligi ham ta’sir qiladi. Qalqonsimon va buyrak usti bezlarida yetiladigan gormonlar o‘sish gormonlari deyiladi. Shu bois endokrin tizimdagi turli izdan chiqishlar bo‘y o‘sishidagi patologiyalarga olib keladi.

Ba’zida buyrak, yurak, o‘pka va hazm a’zolaridagi surunkali kasalliklar ham bo‘y o‘sishini to‘xtatadi. Boshqa surunkali kasalliklar tonzillit(angina), xoletsistit(o‘t qopi yallig‘lanishi) odatda bo‘y o‘sishiga salbiy ta’sir qilmaydi. Ammo bunday hollarda ishtaha yo‘qoladi, bu esa bo‘y o‘sishini pasaytiradi.

Agar bolada parazitlar bo‘lsa ham bo‘y o‘sishida muammolar tug‘iladi. Shuning uchun ichki organizm faoliyati normal yo‘lga qo‘yilsa, bo‘y o‘sishda davom etadi.

— Ko‘p uxlagan bolaning bo‘yi uzun bo‘ladi deyishadi, shu to‘g‘rimi?

— O‘sish gormonlari bola uxlaganda ishlab chiqariladi. Demak, me’yorida uxlagan bola yaxshi o‘sadi va rivojlanadi.

Shuningdek, bolaga mehr yetishmasligi unda o‘sish gormonlari ishlab chiqarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli Mehribonlik uylaridagi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘pincha bo‘y o‘sishidan ortda qolish ko‘proq kuzatiladi. Ota-onalar ham bola ruhiyatiga e’tibor qaratishi lozim.  

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi