Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p tarmoq ko‘p daromad degani
09:50 / 2020-12-22

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, tadbirkorlar uchun qulay muhit va imkoniyatlar yaratish borasida bugun har qachongidan ham ko‘proq amaliy ishlar olib borilmoqda.

Maqsad mazkur soha rivojini ta’minlash orqali aholi turmush farovonligini ta’minlash, ishsizlik muammolariga barham berish va hokazo.

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Mukammal temir-beton qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati a’zolari ham hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, faoliyatini bosqichma-bosqich rivojlantirib bormoqda. Jamiyat ta’sischilari dastlab temir-beton plitalar va qurilishda foydalaniladigan boshqa beton buyumlar ishlab chiqarish bilan faoliyatini boshlagan bo‘lsa, keyinchalik jamiyat tasarrufida savdo va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq yangi loyihalar ishga tushirildi. Mulkdorlar sohada yetarli tajriba to‘plab, iqtisodiy imkoniyatlarini mustahkamlab olgach, joriy yilda yana bir yangi loyihani amalga oshirdi. Endilikda jamiyat tasarrufida toza ichimlik suvi ham qadoqlanmoqda.

Joriy yilning may oyida Xitoydan qiymati 195 ming AQSH dollariga teng suvni bir necha bosqichda qayta ishlab, qadoqlash imkonini beradigan zamonaviy liniya xarid qilindi. Ushbu texnologiya suvni kerakli darajada tozalab,  so‘ng turli o‘lchamlardagi idishlarga qadoqlash imkonini beradi.

Jamiyat a’zolarining ta’kidlashicha, suvni tozalash va qadoqlash jarayoni bir necha bosiqichda amalga oshiriladi. Dastlab maxsus texnologiya yordamida suvning tarkibi aniqlanadi. Shundan so‘ng u bir necha bosqichli filtrdan o‘tkazilib, tarkibidagi barcha ortiqcha moddalar chiqarib olinadi. Yana bir marotaba laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilib, to‘liq tozalanganiga ishonch hosil qilingach esa qadoqlash liniyasiga yuboriladi.

Ayni vaqtda korxonada 0,5 litrlikdan tortib, 20 litrgacha bo‘lgan plastik idishlarga suv qadoqlanmoqda. Hatto “kuller” apparati uchun mo‘ljallangan idishlarda ham  qadoqlash boshlangan. Shu bilan bir qatorda, tayyor mahsulotni iste’molchilarga yetkazib berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bugun ichki bozorda qadoqlangan toza ichimlik suvlariga bo‘lgan talabning tobora oshayotganini hisobga olsak, ushbu loyihaning naqadar samarali ekanini ko‘rish mumkin. Muhimi, jamiyat tasarrufida faqat ushbu loyihaning yo‘lga qo‘yilishi ortidan mavjud ish o‘rinlari soni yana 15 taga ortdi.

[gallery-532]

O‘.BAROTOV, J.Norqobilov (surat),  O‘zA