Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, poytaxtning Yashnobod tumani Tuzel-2 mavzesi «Vatandosh» MFYdagi 9 qavatdan iborat 12-b uyda yashovchi aholi murojaatlariga asosan o‘rganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, binoning yerto‘la qismida tadbirkorlar tomonidan noqonuniy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Binoning yerto‘lasi buzilib, hatto bino fundamenti o‘zgartirilayotgani aniqlandi.
Shuningdek, tekshiruv ishlari Shayxontohur tumani Labzak dahasi 1a uyda ham o‘tkazilgan. Aniqlanishicha, ushbu binoning yerto‘lasi, ya’ni loyiha hujjatlaridan chetga chiqilgan holda binoning tayanch devorlari hamda kommunikatsiya tarmoqlari joylashuvi o‘zgartirilgan.
Yakkasaroy tumani Sebzor ko‘chasi Dilbuloq mahallasida joylashgan 1-uyda ham qonunbuzilish holatlari aniqlandi. 9 qavatli mazkur uyning birinchi qavatida istiqomat qiluvchi mulkdor umumfoydalanishdagi yerto‘laga kirish uchun uyning ichidan plita devorlarini buzgan holda zinapoya o‘rnatgan. Ko‘p qavatli uyning ichki va yerto‘la qismida o‘zboshimchalik bilan tayanch va tayanch bo‘lmagan devorlar tamomila olib tashlangan. Shuningdek, uydagi deraza romlarining pastki qismidagi tayanch devorlar ham buzilgan va ustunli soyabon (naves) o‘rnatilgan.
Inspeksiya tomonidan huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 15 kun muddatda binoni o‘z holiga qaytarish bo‘yicha topshiriq berildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA