Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qurilish vazirligi tomonidan ko‘p qavatli uylarning yarim yerto‘la qavatlaridan yashash maydoni sifatida foydalanishning umumiy qoidalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida hududlarda aholini uy-joy bilan ta’minlash, ijtimoiy ishlab chiqarish, infratuzilmani yaxshilash va kompleks tarzda qurish maqsadida 29 ta massiv tanlab olingani qayd etildi.
Shuningdek, 2022-2026 yillarda qariyb 73 ming xonadonli 2 ming 100 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joylar qurish reja qilingani qayd etildi. Bunda 51 ming 540 o‘rinli umumta’lim maktabi, 16 ming 650 nafar bolaga mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ming 620 qatnovli tibbiyot muassasalari va boshqa ob’ektlarni qurish mo‘ljallangan.
bugungi kunda Dastur doirasida massivlarda qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uylarning namunaviy loyihalari ishlab chiqilgan. Bunda 7 ta tipda 5,7, 9, 12 va 16 qavatli uylar qurish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur qurilish ishlarida hududlarning tabiiy-iqlim sharoitiga alohida e’tibor berilmoqda. Massivlarda daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga birlamchi masala deb qaralmoqda.
– Shu o‘rinda mazkur uylarning yarim yerto‘la, ya’ni sokol qavatlarida yashash xonadonlarini joylashtirish bo‘yicha me’yorlar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman, – deydi qurilish vaziri o‘rinbosari Sh.Jahongirov. – Ko‘p qavatli uy-joylarning yarim yerto‘lalarida yashash joylarini tashkil qilish hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish bo‘yicha bir qator talablar belgilangan. Bular, albatta, xorijiy amaliyot, davlat standarti va sanitariya normalari asosida ishlab chiqilgan.
Endi savol tug‘iladi. Yangi qurilayotgan turar joy binolarining yarim yerto‘la, ya’ni sokol qavatlarida qanday hollarda yashash xonalarini joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi?
Yer osti suvlari yer sathidan 3 metrdan pastda bo‘lganda, yarim yerto‘la (sokol)ning kamida uchdan bir qismi yer ustida bo‘lganda, xonalarining poldan shiftgacha balandligi 2,4 metrdan kam bo‘lmaganda yashash xonalarini joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
Bundan tashqari, muhandislik tizimlar yashash xonalarini inobatga olgan holda joylashtirilganda, tashqi devorlari va pollarida issiqlik himoyasi ta’minlanganda, 0331-16-son sanitariya normalari talablari bajarilganda, xonalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqariga chiquvchi derazalar bo‘lganda yarim yerto‘lalar maqsadli foydalanishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, tabiiy yorug‘lik va insolyatsiya darajasi 2 soatdan kam bo‘lmaganda, havoning yaxshi aylanishi ta’minlanganda, yashash xonadonlaridan evakuatsiya talablari bajarilganda, taom tayyorlash uchun elektr plitalardan foydalanilganda, ya’ni tabiiy yoki suyultirilgan gazlardan, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklardan foydalanilmaganda va boshqa talablar mavjud bo‘lganda belgilangan yarim yerto‘lalar maqsadli foydalanishga ruxsat beriladi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar javob berdi.
Shahnoza MAMATUROPOVA,
O‘zA muxbiri