Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uylarning 90 foiziga boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda
12:10 / 2023-04-19

Kommunal soha xodimlarining yelkasida aholining qulay yashash sharoitlarini ta’minlashdek katta mas’uliyat turadi. Har bir oiladagi farovonlik ko‘p jihatdan uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimining barqaror va ishonchliligiga, soha xodimlarining mahorati hamda yuqori mas’uliyatiga bog‘liq.

Hech kimga sir emas, o‘tgan qish mavsumi barcha uchun sinovli keldi. Bunda ayniqsa, kommunal soha xodimlarining salohiyati, faoliyatiga bo‘lgan sadoqati, sabri va matonati sinaldi. Anomal sovuq havo sharoitida u xoh erkak xodim bo‘lsin, xoh ayol tunni tun, kunni kun demay ishladi. Sovuq havo, yog‘ingarchilik ularning shaxsiy mas’uliyatidan ustun bo‘la olmadi.    

So‘nggi yillarda, xususan o‘tgan 2022 yilda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. Sohaga oid 2 ta qonun hujjati, shuningdek, bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.    

Ko‘p qavatli uylar qurilishining jadal sur’atlarda o‘sib borayotgani sohada zamon talablari asosida chuqur islohotlarni amalga oshirishni talab qilmoqda. Shu ma’noda dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda soha bozoriga professional boshqaruv servis kompaniyalari kirib keldi. Ularga aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish tizimini samarali tashkil etish asnosida qator imtiyoz va kafolatlar berildi. Uylarni boshqarish sohasidagi raqobat muhitini yaratish va pirovardida aholining munosib turmush sharoitlarda yashashini ta’minlash maqsadida boshqaruv kompaniyalar tomonidan qo‘shimcha servis xizmatlar bozori yaratildi. 

bugungi kunga kelib, respublikada jami 800 ga yaqin boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. E’tiborlisi, o‘tgan qisqa davrda mamlakatimizdagi mavjud 40 ming 631 ta ko‘p qavatli uyning 90 foiziga ushbu boshqaruv tashkilotlari tomonidan xizmat ko‘rsatila boshlandi. Bu ayni yo‘nalishdagi islohotlarning samarasini ham ko‘rsatib turibdi. Boshqaruv kompaniyalari hozirga qadar uylarni ta’mirlash, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini shakllantirishga o‘z hisobidan 268 milliard so‘mdan ortiq investitsiya mablag‘larini kiritdi.  

So‘nggi 6 yil davomida ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash dasturlari doirasida jami 2 trillion 270 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 31 mingta uy mukammal yoki joriy ta’mirlandi hamda 1 ming 114 ta lift uskunalari yangisiga almashtirildi. Alohida ta’kidlash lozimki, joriy yil qish mavsumida kuzatilgan energiya taqchilligi barchani mavjud resurslardan oqilona foydalanishga undashi tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda, poytaxtimizdagi 1 ming 825 ta ko‘p kvartirali uyning ichki muhandislik tarmoqlarini ta’mirlash uchun respublika va mahalliy byudjetdan 200 milliard so‘m mablag‘ jalb qilinishi belgilandi va hozirda ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.  

Mamlakatimizda markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasini oshirish va shu tariqa aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.  

Xususan, so‘nggi 6 yilda aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga 10 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 1 ming 176 ta suv inshooti va 20,8 ming km. uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.  

Natijada respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017 yilda 63,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ushbu ko‘rsatkich 74,4 foizga yetkazildi. Ushbu davr mobaynida 8,2 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangani, 4,8 million nafar aholining esa ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanishi, albatta, barchamizni xursand qiladi.  

Ta’kidlash lozimki, issiqlik ta’minoti sohasida ham keyingi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish dasturi doirasida 50 dan ortiq markaziy va mahalliy qozonxonalar hamda 132,2 km. uzunlikdagi issiqlik quvurlari modernizatsiya qilindi. Natijada 45 ming 721 ta xonadondan iborat 1 ming 69 ta ko‘p qavatli uy va 143 ta ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik energiyasi bilan ta’minlandi.  

bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda raqamlashtirish barcha iqtisodiyot tarmoqlariga kirib kelmoqda. Kommunal soha ham bundan mustasno emas. Sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari samarali joriy etilib, «Mening uyim» billing tizimi ishga tushirildi. Tizimda bugungi kunga qadar jami 1,3 milliondan ziyod abonent ma’lumotlari shakllantirildi. Bunda xonadonlar mulkdorlarga boshqarish organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobotlar elektron shaklda va onlayn rejimida taqdim etilmoqda.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA