Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uylarni isitish borasida Namangan tajribasi
11:04 / 2022-10-13

Prezident tashrifidan so‘ng

Namanganda ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumida isitish bo‘yicha tashkil etilgan seminarda aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, ko‘pqavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar murojaatlarini o‘rganish haqida so‘z bordi.

Barcha viloyat hokimlarining kapital qurilish va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari rahbarlari ishtirokidagi amaliy seminar ishtirokchilari avval, Namangan shahrining Davlatobod tumanida yangi barpo etilgan 1-markaziy qozonxona faoliyati bilan tanishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil fevral oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari natijasida Namangan shahrining markazlashgan issiqlik tizimini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.

bugungi kunda Davlatobod tumanida har birining quvvati 60 MVtga teng bo‘lgan 2 ta markaziy qozonxona, 64 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari qurish va 400 ta individual issiqlik punkti o‘rnatish ishlari bajarilib, 350 ta ko‘p qavatli uydagi 16 ming 316 ta xonadon, ya’ni 382 ming aholi hamda 37 ta ijtimoiy soha ob’ekti issiqlik bilan ta’minlandi.

Shuningdek, markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanishi rejalashtirilgan "RK-1" qozonxonasi hududidagi 7 ming 592 ta xonadondan iborat 153 ta hamda "RK-2" qozonxonasi hududidagi 8 ming 724 ta xonadondan iborat 197 ta ko‘p qavatli uyning ichki issiqlik tarmoqlarini tiklash ishlariga 28 milliard 600 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari yo‘naltirilib, bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar ham to‘liq yakunlandi.

Ayni vaqtda esa Namangan viloyatida davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan, birgina joriy yilning o‘zida 7 ta issiqlik ta’minoti ob’ektida qurilish va rekonstruksiya ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Bunda 36,9 kilometr issiqlik tarmoqlari, 5 ta markaziy, 3 ta mahalliy qozonxona qurish va rekonstruksiya ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, 25 mingdan ziyod xonadondan iborat 531 ta ko‘p qavatli uylar va 52 ta ijtimoiy soha ob’ektini uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Sohaga daxldor tashkilotlar mutasaddilari "Namangan tajribasi" sifatida joriy etilgan qozonxonaning zamonaviy, raqamlashtirilgan tizimi, energotejamkor texnologiyalarini ko‘zdan kechirdi.

Bundan tashqari, seminar davomida ko‘p qavatli uylarning markazlashgan issiqlik tizimiga ulanganligi, yerto‘lalar holati ham o‘rganib chiqildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov,  Respublika Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA