English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uylarda yuk ko‘taruvchi devorlarga o‘zboshimchalik bilan aralashish qat’iy taqiqlandi
14:07 / 2026-03-10

Toshkentda ko‘p qavatli turar joy uylarining yuk ko‘taruvchi devorlariga o‘zboshimchalik bilan aralashish va buzish qat’iy taqiqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qildi.

Inspeksiyaning ta’kidlashicha, bunday noqonuniy harakatlar binolarning seysmik barqarorligiga jiddiy zarar yetkazadi va unda yashovchi aholining hayoti hamda xavfsizligi uchun bevosita tahdid tug‘diradi.

Agar yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarga shikast yetkazilsa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida ma’muriy jarima, mansabdor shaxslarga esa 100 barobari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llaniladi.

Agar ushbu qonunbuzarlik bir yil ichida takrorlansa, aybdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 229³-moddasi asosida 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoki 2-3 yilgacha ozodlikni cheklash, yoki 2-3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.

Inspeksiya aholini ushbu holatlar bo‘yicha kuchaytirilgan nazorat tadbirlari olib borilayotganini va qonunbuzilishga guvoh bo‘lgan fuqarolar 71-200-69-02 raqamli koll-markazga xabar berishi mumkinligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yuk ko‘taruvchi va to‘siq devorlarga o‘zboshimchalik bilan aralashish binolarning mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va aholi hayoti uchun xavf tug‘diradi. Shu bois, har bir fuqaro bunday holatlarning oldini olishda mas’uliyatli bo‘lishi zarur.

Sh.Mamaturopova, O‘zA