Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uylarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda
11:46 / 2025-10-21

Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlari ulkan qurilishlar maydoniga aylangan. Qay hududga bormang baland-baland ko‘p kvartirali uylar, turli ijtimoiy soha ob’ektlari va boshqa qurilishlarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi.

Uzoqqa bormaylik. Bundan 15-20 yillar oldin 5-9 qavatli uylar qurilgan bo‘lsa, bugungi kunda 16-30 qavatli uylar qurilayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini yanada kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek, qurilish-montaj ishlarining sifati va loyiha-smeta hujjatlariga muvofiqligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylanmoqda. 

[gallery-25826]

Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uy-joy fondidan samarali foydalanish, issiqlik ta’minoti, ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarish xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu yo‘nalishlarda davlat nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish zarurati ortib bormoqda.

Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun Prezidentimizning 2025 yil 14 aprelda “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, joriy yil 1 iyuldan boshlab Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyalarida qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.

Natijada davlat mablag‘lari hisobiga barpo etilayotgan qurilish ob’ektlariga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalarini markaz tizimiga integratsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

– Bugungi kunda Navoiy viloyati hududiy inspeksiyasida jami 43 ta bodi-kamera mavjud bo‘lib, ularning 30 tasi mutaxassislarga biriktirilgan. Shuningdek, bo‘limlar ixtiyoriga 30 ta oddiy planshet va 30 ta maxsus planshet ajratilgan, – deydi inspeksiyaning qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish bo‘yicha bosh mutaxassisi Ma’ruf Mirzayev. – Ayni vaqtda “Qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish markazi”ga 58 ta ob’ekt integratsiya qilingan. Ob’ektlarda o‘rnatilgan kameralar orqali olinayotgan ma’lumotlar doimiy ravishda markazga uzatilib, qurilish jarayonlari ustidan real vaqt rejimida nazorat amalga oshirilmoqda. Kuzatuv jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha har kunlik ma’lumotlar markaziy apparatga elektron tarzda taqdim etilmoqda. Bu esa nazorat ishlarining samaradorligini oshirish, shaffoflikni ta’minlash va qurilish sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Albatta, qayerdaki shaffoflik bo‘lsa, nazorat belgilangan tartiblar asosida olib borilsa, samaradorlik yuqori bo‘ladi. Qurilishlardagi o‘zboshimchalik, sifatsiz qurilishlar, bajarilgan xizmatlarga qo‘shib yozishlarning oldi olinadi.

Bugungi kunda ana shunday holatlarning oldini olishda Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan muayyan ishlar olib borilmoqda.

Ayni paytda viloyatda jami 2 072 ta ko‘p qavatli uy-joy mavjud bo‘lib, ularga 76 ta boshqaruv tashkilotlari tomonidan kommunal xizmatlar ko‘rsatiladi. Viloyatning barcha shahar va tumanlarida boshqaruv tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.

Ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida inspeksiya tomonidan olib borilgan ishlar natijasida 9 ta boshqaruv servis компаниясида jami 5,2 milliard so‘m mablag‘ning maqsadsiz ishlatilganligi aniqlanib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumotlar yuborildi.

 – O‘tgan davr mobaynida boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha 16 nafar mas’ul shaxsga nisbatan 87,7 million so‘mlik ma’muriy choralar qo‘llanildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida issiqlik tarmoqlarini bosim ostida yuvish va issiqlik bog‘lanmalarini yangilash bo‘yicha 26 ta majburiy ko‘rsatmalar berildi, – deydi hududiy inspeksiya bosh mutaxassisi Dostonbek Jo‘rayev. – Mavjud 2072 ta ko‘p kvartirali uylardan 1402 ta uy markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan. Qolganlari esa lokal yoki individual isitish tizimidan foydalanadi. Joriy yilda 346 ta ko‘p qavatli uyda isitish tizimlari bosim ostidagi suv bilan yuvib chiqildi, qolganlarida ishlar davom etmoqda.

Ko‘p kvartirali uylarning 976 tasida o‘rganishlar olib borilishi natijasida 352 ta holatda qonun buzilish holatlari aniqlangan va fuqarolarga qonunchilikda belgilangan tartibda muddati ko‘rsatilgan holda bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan. Holatlar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 659,9 million so‘m jarima qo‘llanilgan. Uy-joy egalari tomonidan esa o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar o‘z hisobidan avvalgi holiga qaytarilgan. 

Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida 276 ta ko‘p qavatli uydagi 681 ta lift ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 125 ta lift uskunasi 12 oy ichida texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaganligi aniqlanib, 42 ta xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga yozma ko‘rsatmalar berildi. 678 ta yerto‘la tekshirilganda 47 ta holatda sanitar-gigiyenik talablarga javob bermaslik holatlari mavjudligi ma’lum bo‘lgan va barchasida kamchiliklar bartaraf etildi.

Bugungi kunda barcha ko‘p qavatli uylarning zilzilabardoshliligiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda ko‘p qavatli uylarning zilzilabardoshligi bo‘yicha xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar 1561 ta uy vizual o‘rganilgan, rassportbino.uz platformasiga 1004 ta bino bo‘yicha ma’lumotlar kiritilgan.

Albatta, bu kabi olib borilayotgan ishlar sohadagi mas’uliyat, shaffoflik va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari