Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uylar yerto‘lasida tadbirkorlik qilish mumkinmi?
16:12 / 2021-03-31

Ba’zi ko‘p qavatli uylar yerto‘lasida ma’lum bir yo‘nalish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga guvoh bo‘lamiz. Ammo bu kabi yerto‘lalarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishning belgilangan talablari borligini hammamiz ham bilavermaymiz.

Xo‘sh, bu qanaqa talablar? Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Abdunazar Pardayev ushbu talablar haqida quyidagilarni ma’lum qildi.

- Vazirlar Mahkamasining tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tegishli qarori bilan ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida tadbirkorlik faoliyatini olib borishga ruxsat berilgan, – deydi A.Pardayev. 

– Yerto‘ladan tadbirkorlik maqsadida foydalanishning o‘z tartib-qoidasi bor, albatta. Avvalo, aholi xavfsizligi uchun bir qator talablar mavjud. O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 6 avgustda qabul qilingan “Ko‘p qavatli uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonunida belgilab qo‘yilganidek, majburiy normalar yong‘inga qarshi, sanitariya, shaharsozlik normalarini, ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

bugungi kunda Toshkent shahrining Sergeli, Yangi hayot kabi tumanlarida sinov tariqasida ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari tadbirkorlarga berilgan. Yerto‘lalardan asosan, tikuvchilik sexlarini ochish, sartaroshxonalar tashkil qilish, gazeta va jurnallar sotish kabi yo‘nalishlarda foydalanilmoqda. Ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasidan foydalanishda shovqin chiqaruvchi, noxush hidlarni keltiruvchi kabi faoliyat turlariga ruxsat etilmaydi. 

Tadbirkor bu kabi yerto‘lalardan foydalanish uchun ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlariga o‘zining nomidan ariza, tadbirkorlik faoliyat turining loyihasi, qancha ish o‘rni yaratishi haqida ma’lumot bilan murojaat qilishi lozim. Mazkur yerto‘lalardan foydalanish jarayonida u yerga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi. Agar tadbirkor tomonidan mazkur yerto‘lalarga eshik, deraza kabi qo‘shimcha qurilishlar kiritilmoqchi bo‘lsa, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining maxsus ruxsatnomasi kerak bo‘ladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA