Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uylar qish mavsumiga tayyormi?
15:17 / 2022-12-13

Andijonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, qish mavsumini betalafot o‘tkazish, mavjud muammolarni bartaraf etish, xususan, viloyatdagi ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borildi.

– Ko‘p qavatli uylarni mavsumga tayyorlash borasidagi ishlar reja asosida amalga oshirildi, – deydi Andijon viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Jamshidbek Bozorboyev. – Birinchi navbatda ko‘p qavatli uylarda aholiga qulayliklar yaratish, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha hokimliklar, sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, uy-joy boshqaruv tashkilotlari bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rildi. Umuman, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi  

Viloyatda 1 ming 796 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Ularning 1 ming 512 tasi 1991 yilgacha, 284 tasi 2016-2022 yillarda barpo etilgan. Mazkur uylarga 19 uy-joy boshqaruv tashkiloti tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari bilan hamkorlikda iyul-oktyabr oylarida viloyatdagi har bir ko‘p qavatli uyning, jumladan, uylarning tom qismi, kirish yo‘laklari, yerto‘lalar, yo‘lakchalar, gaz, suv, elektr energiyasi tarmoqlari, kanalizatsiya tizimlarining holati to‘liq o‘rganildi.  

O‘rganishlar natijasida 1 ming 992 ta kamchilik va muammolar aniqlandi. Joriy yil 1 dekabriga qadar aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Jumladan, 97 ta uyning 7 ming 677 kvadrat metr tom va tarnov qismi, 464 ta uyning kirish yo‘laklari, 471 ta uyning yerto‘la qismidagi muhandislik tarmoqlari, 158 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar oldidagi 69 ta bolalar maydonchasi, 50 ta tashqi hojatxona, 65 ta oqova xandaqlar ta’mirlandi. 609 ta uyning tashqi yoritish chiroqlari yangilandi. 1 ming 356 ta uyning yer to‘la hamda kirish yo‘laklari dezinfeksiya qilindi. Ko‘p qavatli uylardagi yaroqsiz holga kelgan 6,8 kilometr uzunlikdagi elektr simlar, 1 ming 300 donadan ziyod nosoz holga kelib qolgan kichik turdagi avtomatlar yangisiga almashtirildi. Uylarning kirish qismlariga 2 ming donaga yaqin tejamkor sensorli “LED” chiroqlari o‘rnatildi.  

– Uylarimiz oldidagi yo‘lakchalar betonlandi, yonlariga manzarali daraxtlar ekildi, uyning kirish qismiga yoritish chiroqlari o‘rnatildi, – deydi Asaka tumanidagi Ulug‘bek mahallasida yashovchi Adolatxon Abdukarimova. – Amalga oshirilgan ana shu ishlar natijasida uylarimiz atrofi obod, ko‘rkam qiyofaga ega bo‘ldi, qolaversa, aholiga qator qulayliklar yaratildi.  

Viloyatdagi bir qator ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 2,2 kilometr uzunlikdagi quvurlar ta’mirlandi, 30,2 kilometr masofadagi tarmoq bosim ostida, 17,6 kilometr yer osti quvurlar maxsus asboblar yordamida tekshirildi. 825 ta gaz taqsimlash punkti texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, 2 tasi mukammal ta’mirlandi. Hozirda mavsumni betalafot o‘tkazish, ayozli kunlarda yuzaga keladigan muammolarni tezkor bartaraf etish maqsadida barcha tuman va shaharlarda shtablar tuzilib, 24 soat davomida navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan.  

Shuningdek, belgilangan dasturga asosan, 2022 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 24 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi, 17 ta yangi bolalar maydonchasi barpo etildi, 2 ta mavjud maydoncha ta’mirlandi. 14 ming kvadrat metr maydondagi yo‘lakchaga bruschatka yotqizildi, 216 ta yoritish moslamasi o‘rnatildi. 15 ta umumfoydalanadigan hojatxonalar qurildi. Bu ishlar uchun 4,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.  

Tuman, shahar hokimliklari boshchiligida Andijon, Xonobod shaharlari, Izboskan, Ulug‘nor, Shahrixon tumanlaridagi Boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan yuqoridagi kabi ishlar namunali olib borildi. Ayni kunda viloyat hokimi tashabbusi bilan qish mavsumini betalafot o‘tkazish, bu boradagi muammolarni o‘rganish va bartaraf etish maqsadida har bir tuman va shaharga mas’ullar biriktirilib, ishchi guruhlar tashkil etildi. Mas’ullar, tuman sektor rahbarlari bilan birgalikda ko‘p qavatli uylardagi qish mavsumiga tayyorgarlikning holati o‘rganilmoqda, e’tibordan chetda qolgan muammo va kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etilmoqda.  

Bir so‘z bilan aytganda, qish mavsumida ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, qishning ayozli kunlarini muammolarsiz o‘tkazishlari uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilmoqda.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA