Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha muassasalari issiqlik bilan ta’minlanadi (+video)
10:09 / 2023-11-23

Qaror va ijro

Andijon shahridagi markazlashgan isitish tizimi bundan 20-25 yillar avval eskirib, yaroqsiz holga kelib qolganligi bois, qo‘p qavatli uylarga issiqlik va issiq suv berilishi butunlay to‘xtatilgan edi. Mutaxassislarning urinishlariga qaramay, jihozlar, issiqlik tarmoqlari eskirgan, ta’mirtalab ekanligi, ularni yangilash uchun mablag‘ ajratilmaganligi, qolaversa, issiqlik uchun belgilangan narxlarning yuqoriligi, umuman, sohani parokanda holga tushirib qo‘ygandi.  

O‘tgan yillar davomida uylarni isitish va issiq suv uchun asosan tabiiy gaz va elektr energiyasidan  foydalanildi. Buning natijasida elektr energiyasi va tabiiy gazga bo‘lgan talab keskin ortdi. Qolaversa, elektr tarmoqlaridagi zo‘riqish, nosozlik va yetishmovchiliklar, tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar ortiqcha xarajaatlarni yuzaga keltirdi. Umuman, odamlar bir necha yillar davomida issiqlik va issiq suv bilan bog‘liq muammolar, qiyinchiliklar bilan yashab keldi. Faqat keyingi bir necha yil davomida bu boradagi muammolar qaysidir darajada bartaraf etildi.  

Prezidentimiz, hukumatimiz tashabbusi bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ana shu muammo to‘la bartaraf etilmoqda. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 apreldagi “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2019-2023 yillar mobaynida Jahon banki tomonidan kiritilgan 24 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya hamda O‘zbekiston hukumati tomonidan ajratilgan 12 million dollar evaziga Andijon shahridagi RK-2 markaziy qozonxonasini rekonstruksiya qilish, shaharning 1-, 2-, 3-, 4- va 5-kichik dahalari, shuningdek, Mashrab ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarga, ijtimoiy soha ob’ektlariga issiqlik energiyasi hamda issiq suv yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

– Umumiy qiymati 36 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha doirasida Andijon shahridagi RK-2 qozonxonasida 3 dona isitish qozonini, 27,5 kilometr uzunlikdagi issiqlik uzatish tarmog‘ini almashtirish, hududidagi 271 ta ko‘p xonadonli uy hamda 30 dan ortiq ijtimoiy soha ob’ektiga 373 ta individul issiqlik punkti o‘rnatish ishlari 4 ta paket asosida amalga oshirilishi belgilangan, – deydi Andijon viloyati Uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi tasarrufidagi “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi rahbari Muhammadzohidjon To‘xtaboyev.  – Hozirga qadar belgilangan ishlarning asosiy qismi bajarildi. Yil oxiriga qadar qolgan ishlar ham yakuniga yetkaziladi.

1-paket bo‘yicha umumiy qiymati 12,56 million AQSH dollariga teng RK-2 qozonxonasini to‘la modernizatsiya kilish, uzunligi 5 kilometr bo‘lgan issiqlik uzatish tarmog‘ini tiklash, 61 ta ko‘p qavatli uyda 73 ta individul issiqlik punktini o‘rnatish ishlari Xitoy davlatining “China IPPR International Engineering Co.Ltd.” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar 3 dona qozon, ularning mo‘rilari, yordamchi uskunalar, 72 ta individual isiqlik punkti o‘rnatildi, qozonxona binosini panellar bilan qoplash ishlari yakunlangan. Bundan tashqari, 5 kilometr masofadagi issiqlik uzatish tarmog‘ini tiklash, issiqlik quvurlari uchun 4,7 kilometr kanal qazish hamda 4,45 kilometr issiqlik quvurlarini tortish ishlari amalga oshirildi.  

Shu kunlarda xitoylik mutaxassislar qozonlarning issiqlik uzatish tarmoqlarini montaj qilish, yuqori bosimli elektr va issiqlik tarmoqlarini tortish ishlarini olib bormoqda.  

– Mutaxassislarimiz tomonidan belgilangan ishlar o‘z vaqtida, sifatli yakuniga yetkaziladi, – deydi “China IPPR International Engineering Co.,Ltd.” kompaniyasi texnik direktori Song Xian. – Umuman, loyiha doirasida o‘zbekistonlik, andijonlik hamkorlarimiz bilan hamjihatlikda ish olib boryapmiz. Ochig‘i, bizni hamkorlarimiz juda iliq kutib olishdi. Nasib etsa, yaqin kunlar ichida Andijon shahridagi 5 ta massivda joylashgan uylar issiq suv va issiqlik bilan to‘la ta’minlanadi. Mana shu xayrli ishga o‘z hissamizni qo‘shganligimizdan xursandmiz.

2-paket bo‘yicha umumiy uzunligi 22,5 kilometr bo‘lgan issiqlik uzatish tarmog‘ini qurish ishlari “Adolat Qurilish Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar 13 kilometr masofaga issiqlik quvurlari tortildi. Ayni kunda belgilangan ishlar qizg‘in olib borilmoqda.  

3-paket bo‘yicha issiqlik energiyasini hisobga oluvchi uskunalar bilan ta’minlangan individual issiqlik punktlarini o‘rnatish ishlarini bajarish yuzasidan  “BELL-FAR PARTNERS” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona bilan 6,14 million AQSH dollari miqdoridagi shartnoma imzolangan.  

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/h-0kLvrmwaA" title="Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylar issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Mazkur korxona mutaxassislari tomonidan ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismlariga, ijtimoiy soha ob’ektlariga individual issiqlik punktlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Hozirga qadar 296 ta IIP  o‘rnatib bo‘lindi.  

4-paket bo‘yicha RK-2 qozonxonasining tashqi elektr tarmoqlarini tiklash, bir dona 1000 KVa quvvatli 2 GKTP 6/0,4 kV transformator podstansiyasini o‘rnatish, umumiy uzunligi 3 kilometr bo‘lgan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ini montaj qilish ishlari “Zavod NVA & Energy Engineering Building” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilmoqda.  

Pudratchi tomonidan hozirgi kunda qurilish maydoniga elektr tarmoqlarini o‘rnatish uchun kerakli elektr kabellari olib kelinib loyihada ko‘zda tutilgan “Yoyilma” hamda “Darxon” elektr podstansiyalaridan RK-2 qozonxonasi hudidigacha elektr kabellari tortib kelindi, transformator o‘rnatildi. Podstansiya shu kunlarda asosiy elektr tarmog‘iga ulanadi.  

Umuman, loyiha doirasida belgilangan ishlarning amalga oshirilishi bilan Andijon shahridagi 271 ta ko‘p qavatli uydagi 11 ming 685 ta xonadon hamda 30 dan ortiq ijtimoiy soha muassasasi yilning yakuniga qadar issiqlik energiyasi hamda issiq suv bilan ta’minlanadi.  

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (video),

O‘zA muxbirlari