Yurtimizda qish fasli o‘z ziynatini ko‘rsatib, ko‘pgina hududlarda qalin qor yog‘di. Oppoq qor dehqonchiligimizga baraka, tabiatimizga, tuprog‘imizga unumdorlik olib kelishi shubhasiz.
Shuning barobarida ancha yillardan buyon kuzatilmagan ko‘p miqdordagi qor ehtiyot choralarini ko‘rishni, yuz berishi mumkin bo‘lgan turli ko‘rinishdagi talafotlarning oldini olish bo‘yicha tizimli sa’y-harakatlarni taqozo etadi. Albatta, bu borada har bir tashkilot va hokimiyatlar tizimida muayyan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ham sovuq havo massalari kirib kelishi va qor oqibatlarini bartaraf etish maqsadida ko‘p kvartirali uylar hududida tozalash ishlari amalga
oshirilayotir. Bu borada Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Obidjon Mo‘minov O‘zA muxbiriga olib borilayotgan chora-tadbirlar borasida ma’lumot berdi:
— bugungi kunda mamlakatimizda 1,3 milliondan ziyod xonadondan iborat 40 ming 26 ta ko‘p kvartirali uylar mavjud bo‘lib, ularga 787 ta boshqaruvchi tashkilotlar hamda 269 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi. 36 ming 368 ta ko‘p kvartirali uylar boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan,
991 tasi shirkatlar tomonidan, 828 tasi esa bevosita mulkdorlar tomonidan boshqariladi. Ko‘p kvartirali uylarning 963tasi boshqa tashkilotlar balansida, qolgan 876 tasi boshqarish usulini tanlash jarayonidagi uylardir.

O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massalari kirib kelishi va qalin yoqqan qor oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 2023 yil 10 yanvar kuni respublikadagi boshqaruv organlari tomonidan 5 mingdan ortiq ishchi xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 39 ming 779 ta kirish yo‘laklari qordan tozalandi. 418 ming 705 kv/m maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi. Ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida qor yog‘ishi natijasida 702 ta manzarali, 57 ta mevali daraxtlarning sinishi kuzatilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlarni hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, 10 yanvar holatida Jizzax viloyatida boshqaruv organlari tomonidan 191 ta ishchi xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 613 ta kirish yo‘laklari qordan tozalangan. 3 ming 123 kv/m maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi. Ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida qor yog‘ishi natijasida 11 ta manzarali daraxtlarning sinishi kuzatilgan.

Navoiy viloyatida boshqaruv organlari tomonidan 500 nafarga yaqin ishchi xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 3 ming 880 ta kirish yo‘laklari qordan tozalandi. 62 ming 80 kv/m maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi.
Buxoro viloyatida boshqaruv organlari tomonidan 315 nafar ishchi xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 6 ming 600ga yaqin kirish yo‘laklari qordan tozalandi.
Qashqadaryo viloyatida esa boshqaruv organlari tomonidan 364 ta ishchi xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 4 ming 293 ta kirish yo‘laklari qordan tozalangan. 3 535 kv/m maydonga qum-tuz aralashmasi sepilib, zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Samarqand viloyatida ham boshqaruv organlari tomonidan 500ga yaqin ishchi xodimlar jalb qilingan holda ko‘p kvartirali uylarning 7 ming 32 ta kirish yo‘laklari qordan tozalangan. 16 ming 521 kv/m maydonga qum-tuz aralashmasi sepilgan.
Bu borada Sirdaryo viloyatida ham ko‘p kvartirali uylarning 1 ming 83 ta kirish yo‘laklari, Surxondaryo viloyatida 575 ta kirish yo‘laklari, Toshkent viloyatida esa ko‘p kvartirali uylarning 5 ming 464 ta kirish yo‘laklari qordan tozalanib, zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Toshkent shahrida esa boshqaruv organlari tomonidan 2,5 mingga yaqin ishchi xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 10 ming 300 ta kirish yo‘laklari qordan tozalandi. 123 ming 603 kv/m maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi. Ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida qor yog‘ishi natijasi 688 ta manzarali, 57 ta mevali daraxtlarning sinishi kuzatilgan.
Ta’kidlash joizki, olib borilayotgan chora-tadbirlar aholiga qulaylik yaratish, yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA