Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uylar boshqaruv tizimi o‘zgardi
17:08 / 2022-12-22

Ko‘p qavatli turarjoy binolariga sifatli, samarali xizmat ko‘rsatish har doim dolzarb masala bo‘lib kelgan. Shu bois, bugungi kunda mazkur sohaga bo‘lgan talab va e’tibor kuchayib bormoqda. Aholi tomonidan ushbu masalaga oid savollar bisyor.

Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida sohadagi yangilik va o‘zgarishlar, mavjud muammolar va ularni hal etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.  

– bugungi kunda viloyatimizda 2088 ta ko‘p qavatli uy mavjud, – deydi Samarqand viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i B.Negmatov. – 2 qavatdan 16 qavatgacha bo‘lgan bu uy-joylarni saqlash va ulardan samarali foydalanish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 82 ta uyning 28,6 ming kvadrat metr tom qismi kapital va joriy ta’mirlandi. 119 ta uyning kirish yo‘laklari, 53 tasining yerto‘lasi, 34 tasining ichki muhandislik tarmoqlari, 84 tasining tashqi tomoni ta’mirlanib, aholi uchun qulaylik yaratildi. Mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘lar hisobidan ko‘p qavatli uylardagi 27 ta lift almashtirildi. 10 ta lift uskunalarini ta’mirlash ishlari yakuniga yetmoqda. Ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar davomida 8 ming kvadrat metr piyodalar yo‘laklariga beton qoplamasi yotqizildi, 14 ta bolalar maydonchasi tashkil etildi.

Ayni paytda Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarni isitish va issiq suv yetkazib berish masalasi oldimizda turgan eng katta vazifalardan biri hisoblanadi. Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyiha asosida qozonxonalarni modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Yaqin kunlarda markaziy qozonxonadagi ishlar yakuniga yetkazilib, shaharning bir qism aholisiga issiq suv yetkazib berish boshlanadi. Keyingi yillarda bu boradagi muammolarga to‘liq barham beriladi.  

[gallery-10043]

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 19 iyundagi “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shu paytgacha viloyatdagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatib kelgan 177 ta uy-joy mulkdorlari shirkati tugatilib, 29 ta boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etildi. Jumladan, Samarqand shahrida 10 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 5 ta, tumanlarda esa bittadan boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Matbuot anjumanidan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari Samarqand shahridagi “Bio-tex-servis” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

– Kompaniyamiz 515 ta ko‘p qavatli uyning 21 ming 700 dan ortiq xodanoniga xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi “Bio-tex-servis” boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Azizxon Rasulov. – Albatta, ishni boshlash oson kechmayapti. Joriy yilning avgust oyidan faoliyatimizni boshlagan bo‘lsak, bugungi kungacha ham tashkiliy masalalar bilan bog‘liq ayrim muammolar uchramoqda. Ayniqsa, to‘lovlar borasidagi chalkashliklar bilan masalalar eng og‘riqli muammo bo‘lib turibdi. Ushbu masalalarning o‘zi ham sohada sifatli boshqaruv tizimi zarurligini ko‘rsatmoqda. Ayni paytda kampaniyada 24 soatlik dispetcherlik xizmati joriy qilingan bo‘lib, kompaniyamizning mavjud 128 nafar xodimi tomonidan aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda. Tushgan murojaatlarning yengil yoki murakkabligiga qarab qisqa fursatlarda, 18 soatdan oshmagan holda muammolar hal etilmoqda. Biz hududlarda tugatilgan shirkatlarda faoliyat yuritgan ishchi-xodimlarni ishga qabul qilgan holda faoliyatni davom ettiryapmiz. Chunki ular hududni yaxshi biladi, aholi ham ularni taniydi.  

“Boshqaruv servis kompaniyasi shirkatdan nimasi bilan farq qiladi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. A.Rasulovning qayd etishicha, kompaniyada  shirkatdagi kabi chilangar, elektrmontyor va hovli supiruvchilargina emas, balki 48 ta yo‘nalish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar faoliyat olib boradi. Bunda asosiy faoliyat turlaridan tashqari, uy-joy egalarida zarurat tug‘iladigan qurilish-ta’mirlash bilan bog‘liq xizmatlar bo‘yicha arzon va sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, keyinchalik talab va taklifni o‘rgangan holda maishiy xizmat ko‘rsatish turlari ham yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Boshqaruv servis kompaniyasi ma’ullarining ma’lumotiga ko‘ra, tizimdagi badal to‘lovlarini to‘liq onlayn tizimga o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA