Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p qavatli uy-joylar ta’mirlanmoqda
15:45 / 2023-04-05

Surxondaryo viloyatida ko‘p qavatli uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga barqaror tayyorlash, ta’mirlash ishlarini sifatli bajarish, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini samarali tashkil etish hamda aholini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu masalalar yechimini topishda aholidan tushayotgan murojaatlar ham doimiy o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Termiz shahri Pattakesar mahallasidagi ko‘p kvartirali uylar ichki yo‘laklarining ta’mirtalabligi, fasad qismlari zamonaviy arxitektura yechimlariga javob bermay qolgani fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi. Yil boshida bu muammoni hal etish uchun mahalladagi 27 ta ko‘p qavatli uyning tom qismini ta’mirlash, tevarak-atrofini obodonlashtirishga kirishildi. Buning uchun 7 ta texnika jalb etildi. 700 dona shifer olib kelindi. Ko‘p qavatli turar-joy binolarining tom qismi ko‘zdan kechirilib, 12 ta uyning yaroqsiz shiferlari qisman yangilandi. 15 ta uyning sokol qismida bo‘yash ishlari olib borildi, 10 ta uyning tom qismlari yangisiga almashtirildi. Uylarning mo‘rilari tozalanib, bo‘yoqlandi. Atrofidagi noqonuniy panjarali qurilmalar buzildi. Hududda 150 metr yo‘lakka beton qoplamasi to‘shalib, atrofdagi yo‘llarga 160 kvadrat-metr shag‘al tosh to‘kildi. Ikkita ta’mirtalab bolalar maydonchasi va uylarning kirish yo‘laklariga o‘rnatilgan temir eshiklar tubdan ta’mirlandi.

Bunyodkorlar Termiz shahri, Angor, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarida ta’mirlash-obodonlashtirish ishlarini tez, sifatli amalga oshirdi. Qulay sharoit yaratilayotganidan ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan aholi mamnun bo‘lmoqda.  

– Ko‘p qavatli uyimiz mustaqillikkacha barpo etilgan, – deydi Termizlik A.Alimardonov. – Tashqi fasadining ohori uchib qolganiga bir necha yil bo‘lgan edi. Yozning issiq va qishning sovuq ob-havosi, shaharning beqaror shamoli uyning tom qismini ham ta’mirtalab qilib tashladi. Mana, yil boshidan quruvchilar kelib, uyni to‘liq ta’mirladi. Bolalar maydonchasi, beton yo‘lakchalar qurib berishdi. Bunday e’tibordan juda xursandmiz.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi 1 ming 589 ta ko‘p qavatli uy-joyda 37 ming 890 ta xonadon mavjud. Ularga 32 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi belgilab olgan dastur asosida yilning o‘tgan davrida 1991 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar-joylarning 377 tasi mukammal ta’mirlandi. 400 dan ortig‘ida fasad qismini bo‘yash, zamonaviy ko‘rinishga keltirish ishlari amalga oshirildi. Ko‘p qavatli uylar oldida 5 ming kvadrat-metr beton yo‘lakcha va avtoturargohlar qurildi. 17 ta bolalar maydonchasi, 8 ta tandirxona va 7 ta umumiy foydalanishdagi sanitariya-gigiyena shoxobchasi barpo etildi. 200 dona tungi yoritgich o‘rnatilib, 560 ta framuga, 120 ta temir eshik yangilandi. Uylar atrofidagi 100 dan ortiq noqonuniy qurilmalar buzib olinib, atrofi obodonlashtirildi. Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarda 80 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, gullar ekildi.

Viloyatda ko‘p qavatli turar-joy binolarini ta’mirlab, kuz-qish mavsumiga tayyorlash, aholi uchun qulay sharoit yaratish, atrofini obodonlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri