Ko‘p qavatli uylar egalari majburiy to‘lov badallari qaysi maqsadga sarflanayotganini kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi. Qashqadaryo viloyati uy-joy kommunal boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Ernazarov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanidashu haqida so‘z bordi.
Prezidentimizning 2021 yil 19 iyundagi “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan. Ayni paytda viloyatda jami 2037 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Ushbu uylardagi 51 ming 146 ta xonadonda 153 ming 419 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga 21 ta boshqaruv servis kompaniyalari hamda 52 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida” gi qonuni 23-moddasida ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun ochiq tanlov o‘tkazish belgilangan. Unga ko‘ra, tanlov o‘tkazish uchun A.Temir va Tabassum mahallalari tanlab olindi. Tanlovda Qarshi shahar komissiya a’zolari ovozi bilan “Rashid obod” MCHJ boshqaruv kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Ayni paytda boshqaruv kompaniyasi tomonidan 40 dan ortiq turdagi xizmatlar bo‘yicha 54 ta ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatilmoqda. 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmati tashkil etilgan. 2021 yilda 15 ta ko‘p qavatli uylar joriy va mukammal ta’mirlandi. Jumladan, 8 ta ko‘p kvartirali uyning 6000 kvadrat metr tom qismi, 20 ta ko‘p kvartirali uyning 60 ta kirish yo‘laklari, 12 ta ko‘p kvartirali uyning fasad qismi, 18 ta yerto‘la qismi ta’mirlandi. 25 ta tungi yorish chiroqlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi hamda «Rashid obod» MCHJ ga 54 ta ko‘p kvartirali uylardagi 2 ming 312 ta xonadonlar «MENING UYIM» elektron platformasiga kiritilib har bir uyga alohida yig‘ish hisob raqamlari ochildi.
[gallery-5748]
Bundan tashqari, bugungi kunda shahar va tumanlarda jami 21 ta boshqaruv kompaniyalari tashkil etilgan. Viloyat bo‘yicha 1034 ta ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatda 2021 yil 1 yanvar holatiga moliyaviy holati «og‘ir» deb hisoblangan 106 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tugatilgan.
– Tashkil etilgan boshqaruv servis kompaniyalariga baho beradigan bo‘lsak, ular ko‘p tarmoqli bo‘lib, o‘zida 24 soatlik avariya dispetcherlik xizmati, santexnik, farroshlik, qurilish xizmatlarini ko‘rsatish va liftlarni ta’mirlash kabi 40 dan ziyod servis xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan, – deydi U.Ernazarov. – Shuningdek, uyga yangi jihozlar va muhandislik tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha ham aholiga yordam berilmoqda. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, boshqaruv kompaniyasi zarur hollarda o‘z zaxira mablag‘i va moddiy texnik bazasiga ega. Maxsus texnika va 20 dan ortiq malakali mutaxassislari bor. Aytish joizki, XUJMSHlar tomonidan mulkdorlar to‘lagan mablag‘lar qanday sarflanayotgani bo‘yicha shaffofligi ta’minlanmagan, mulkdorlar oldida hisobot berilmagan. Bu esa mulkdorlarga nisbatan ishonchsizlikni paydo qilgan.
Fuqarolar to‘lovlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida 2021 yil avgust oyidan boshlab boshqaruv servis kompaniyalarida billing tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. 1 ta BSK kommunal soha bo‘yicha 20 dan ortiq uylarga texnik xizmat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida bajarayotgan ishlaridan aholi mamnun. Boshqaruv servis kompaniyalari birinchi galda aholidan tushayotgan majburiy badallarni to‘liq maqsadli sarflanishini nazoratga oladi. Ko‘p kvartirali uylarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar orqali tushadigan mablag‘lar ham soha faoliyatini rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.
Ko‘p xonadonli uy-fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi viloyat hududiy inspeksiyasi boshlig‘i A.Safarovning ta’kidlashicha, ushbu tizim bir oila ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan barcha xizmatlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Uy egalari ish joyida bo‘lgan vaqtda ham kompaniyaga murojaat qilsa, (1184) orqali mutaxassislar xonadondagi ta’mirlash ishlarini olib boraveradi. Avvallari mulkdorlar to‘lagan mablag‘lari qanday sarflanayotgani bo‘yicha ma’lumot ega bo‘lmagan. Bu esa ularga nisbatan ishonchsizlikni paydo qilgan. Shu tufayli fuqarolarning to‘lov imkoniyatlarini oshirish maqsadida 2021 yil avgust oyidan boshlab boshqaruv servis kompaniyalari billing tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali uyali telefonga har oyda axborot kelib turadi. Hozirgi kunda boshqarma tomonidan viloyatdagi barcha tuman shaharlar Yagona hisob - kitob markazi tomonidan shu tizimga o‘tkazilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlar sohaga aloqador o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
O‘.Barotov,
J.Norqobilov (surat), O‘zA