Qish-qirovli kunlar yaqin, shu bois, Buxoro viloyatida ham muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari shayligini oshirish, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha inshootlarini mavsumga tayyorlash har qachongidan dolzarb ahamiyatga ega.
Bu borada viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan ko‘p qavatli uy-joy fondini talab darajasida saqlash, zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni kunda Buxoro viloyati markazi, Kogon shahri, qolaversa, 11 ta tuman markazida jami 65,1 mingdan ziyod aholi xonadonidan iborat bo‘lgan 2166 ta ko‘p xonadonli uy-joy mavjud. Ularda yashovchi aholiga 28 ta boshqaruvchi tashkilot hamda 2 ta uy-joy mulkdorlar shirkati tomonidan xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Shu boisdan, joriy yilda mavsum oldidan viloyat miqyosida jami 165 ta ko‘p xonadonli uy-joyda aholi talab va murojaatlaridan kelib chiqqan holda qurilish-ta’mirlash ishlari ancha ilgaridan boshlangan.

– Bugunga kelib jami 165 ta, ya’ni belgilangan ko‘p xonadonli turar joylarning barchasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Sohib Jumayev. – Jumladan, 64 ta uyning 9,1 ming kvadrat metr tom qismi, 248 ta kirish yo‘lagi, shuningdek, 280 ta elektr taqsimlovchi shit, 86 ta uyning yerto‘la qismidagi muhandislik kommunikatsiyalari, 15 ta uyning ichki muhandislik tarmog‘i va 21 ta uyning fasad qismi ta’mirlanib, 50 ta kodli qulfli temir eshik o‘rnatildi.

Viloyat hokimining tegishli farmoyishi asosida mahalliy byudjetdan moliyalashtirilgan 740 million so‘m mablag‘ va boshqaruv servis kompaniyalari sarmoyasi hisobidan “Buxoro elektr tarmoqlari” hududiy korxonasi bilan hamkorlikda, ko‘p xonadonli uylardagi jami 5 ming 442 ta elektr taqsimlovchi shitlarida ta’mirlash ishlari bajarilgan. Qolaversa, joriy yilda 600 million so‘m mablag‘ evaziga Buxoro shahridagi 2 ta ko‘p xonadonli uyning lift uskunalari yangisiga almashtirildi.
Viloyat markazida “Dilshodbek” boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan “Shayx-ul olam” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 21-, 22- va 24-sonli ko‘p xonadonli turar joylarning kirish yo‘laklarida o‘rnatilgan elektroshitlarni ham ta’mirlash jarayonida yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan elektr anjomlari yangi va energiya tejamkor jihozlarga almashtirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.