Inson ma’lum bilim va ko‘nikmalarga maktab, universitet va shunga o‘xshash ta’lim muassasalari orqali ega bo‘ladi. Biroq, qulog‘imizga bot-bot «hayot maktabi» degan ibora chalinadi. Xo‘sh, bu maktab bizga nimani o‘rgatadi?
Har bir ongli inson hayotda qandaydir maqsadga intilib yashaydi. Bu yo‘lda zarur bilim va tajribalarni o‘zlashtiradi. Ammo hech bir maqsadga moliyaviy savodxonliksiz erishish imkonsiz. Basharti erishganda ham uni saqlab qololmaydi. Biz aytgan yuqoridagi «hayot maktabi» ham aynan pul bilan qanday muomala qilish tajribasini beruvchi eng muhim maktab desak, xato bo‘lmaydi. Negaki, pul topishni maqsad qilgan har qaysi kishi uni to‘g‘ri sarflash ko‘nikmasiga ham ega bolmog‘i shart. Shundagina uning muvaffaqiyati to‘kis hisoblanadi.
–Odamzot umrining oxirigacha orzu-havas bilan yashaydi. Bu esa bevosita moddiy masalaga ham borib taqaladi, – deydi tadbirkor Husan Mamasaidov. – Moliyaviy savodxonligi bo‘lgan kishilar uncha-munchaga qarzga kirmaydi. Chunki ularda emotsiyadan ko‘ra aql bilan ish yuritish kuchli bo‘ladi. Yuqorida ta’kidlangan orzu-havas masalasi esa aynan emotsiyaga ham bevosita bog‘liqligini hisobga olsak, unga erishish yo‘lida ko‘pchilik xatoga yo‘l qo‘yadi. Ayniqsa, bugungi kunda aksar kishilarning moliyaviy savodxonligi pastligidan foydalanib, «falon summani hech qanday shartlarsiz oling va uzoq muddatga bo‘lib to‘lang» kabi reklamalar ko‘payib ketdi. Tabiiyki, hozirgi orzu-havasiga erishgisi kelgan kishilar ertani o‘ylashmaydi. Ammo olayotgan puli yoki tovari qanchayu, to‘layotgani qanchaligi bilan esa juda oz insonlar batafsil qiziqishadi. Ular olgan qarzlariga 20- 25 foiz qo‘shib to‘lashsaku unchalik yutqazishmaydi. Lekin ko‘p hollarda bu 50, 78 hatto 100 foizgacha ortig‘i bilan to‘layotgan holatlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Shuning uchun kishi topayotgan daromadiga yarasha maqsad qo‘yishi, yoki maqsadiga mos daromad topishga harakat qilmog‘i lozim.
Ko‘rinib turibdiki, ko‘p pul topganlarning hammasi ham muvaffaqiyatli emas, balki uni sarflash ilmi yuqori bo‘lganlargina maqsadiga erishgan sanalarkan. Kundalik turmushimizning ajralmas qismi sanalmish pul bilan qanday muomala qilishni, avvalo oiladan boshlasakgina o‘zimiz va yosh avlodning baxtli kelajagini kafolatlashimiz mumkin bo‘ladi. Zero, «hayot maktabi»ning eng kichik bo‘g‘ini aynan oila.
Sherbek Islomov,
O‘zA