Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p millatli O‘zbekistonliklar hamjihatligining yorqin namoyishi
21:48 / 2022-08-31

Mustaqillik O‘zbekiston xalqining asosiy boyligi va yutug‘i hisoblanadi. Bu yil ko‘p millatli Vatanimiz fuqarolari asosiy milliy bayram – Mustaqillik kunini, suveren davlat – O‘zbekiston Respublikasi tashkil etilganining 31 yilligini nishonlaydilar.

Istiqlol yillarida mamlakatimiz uzoq taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egalladi. Tarixiy me’yorlarga ko‘ra qisqa vaqt ichida O‘zbekiston o‘z xalqi uchun yuqori turmush darajasini ta’minlashga, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan farovon iqtisodiyotga, tashqi siyosatda teng huquqli munosabatlarni o‘rnatishga, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga, har bir fuqaro uchun barqaror iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga intilayotgan jadal rivojlanayotgan davlatga aylandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar taraqqiyotimizning yangi bosqichi – Yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi. So‘nggi yillarda mamlakatda siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy jihatdan mutlaqo yangicha muhit shakllandi, milliy manfaatlarni ta’minlash, mamlakatda hayot darajasi va sifatini oshirish bo‘yicha muhim natijalarga erishildi.

Mustaqillik kuni arafasida "Ijtimoiy fikr" RJFO‘M tomonidan Yangi O‘zbekiston rivojlanishining eng muhim bosqichlari, davlat va jamiyatni yangilash va isloh qilish jarayonlari, fuqarolar hayotida yuz bergan o‘zgarishlar va yutuqlar haqida o‘zbekistonliklarning fikrini aniqlash maqsadida "O‘zbekiston: davlat mustaqilligining 31 yilligi" mavzusida telefon so‘rovi o‘tkazildi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, jamoatchilik ongida Mustaqillik kuni asosiy umumxalq bayramlaridan biri, milliy birlik, totuvlik va mamlakatimizning bugungi kuni va kelajagi uchun mas’uliyat ramzi hisoblanadi. Bu bayram O‘zbekistonda yashab, ijod qilayotgan, kelajak uchun rejalar tuzayotgan va eng yaxshi umidlarini u bilan bog‘layotgan har bir kishi qalbida aks sado bermoqda.

O‘zbekistonliklarning aksariyati (70,4%) davlat mustaqilligining 31 yilligini bayram kayfiyati bilan qarshi olmoqda, mamlakat fuqarolari uchun bu Yangi O‘zbekiston tavalludining tantanasi va shu bilan bog‘liq quvonch va umidlar manbaidir.

Bayram oldidan ko‘tarinki kayfiyat va hayotni ijobiy idrok etish mamlakat shahar va qishloqlari aholisi, turli yosh va millatlar vakillariga xosdir. Har yili ushbu bayram mamlakat fuqarolarini yangi yutuqlarga ilhomlantiradi, farovon davlat yaratishga hissa qo‘shadigan yangi maqsadlarga erishishda ishonch va kuch bag‘ishlaydi.

So‘rov natijalari tahlilining ko‘rsatishicha, O‘zbekiston mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni saqlash va mustahkamlash, ijtimoiy-siyosiy, harbiy mojarolar va qarama-qarshiliklarning oldini olish borasida yuksak natijalar va o‘zgarishlarga erishmoqda, degan fikr jamoatchilik fikrida ustuvordir (79,2%).

Telefon so‘rovi ishtirokchilarining qayd etishicha, dunyoning ko‘plab mintaqalarida turli qarama-qarshiliklar va ixtiloflar kuchaymoqda, tinchlik va osoyishtalikka tahdidlar paydo bo‘lmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda fuqarolarning tinch va osuda hayotini ba’zi tajovuzlardan himoyalash maqsadida jamoat xavfsizligini ta’minlashga, millatlararo va dinlararo munosabatlarni mustahkamlashga, diniy bag‘rikenglik, do‘stlik, o‘zaro hamkorlik va insonparvarlik madaniyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadqiqotning aniqlashicha, 69,2% so‘ralganlarning fikriga ko‘ra, mamlakatimizning jahon maydonidagi obro‘-e’tibori oshishi va yutuqlari xalqaro hamjamiyatda yuksak baholanayotgani mustaqillikning ustuvor yutug‘i hisoblanadi. So‘rov ishtirokchilarining fikricha, O‘zbekiston bugungi kunda jahon va mintaqaviy siyosatning har qanday muhim masalalari bo‘yicha munozaralarga ochiqdir.

65,8% respondentlarning fikriga ko‘ra, millatlararo va dinlararo tinchlik va totuvlik mustaqillikning barcha yillari davomida mamlakatimizni barqaror rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. So‘rov ishtirokchilari O‘zbekistonda ko‘plab millat va elatlar tinch-totuv yashayotgani yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik va osoyishtalikning muhim omili ekanini ta’kidladilar.

61,2% so‘rov ishtirokchilarining fikricha, mustaqil O‘zbekistonning asosiy erishgan yutuqlaridan biri bozor iqtisodiyoti tamoyillarini hayotga tatbiq etish, sarmoya kiritish uchun shart-sharoit yaratish, xorijiy mamlakatlar tadbirkorlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoatning yangi tarmoqlarini barpo etish, viloyat, tuman va shaharlarni kompleks mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va ularning salohiyatidan optimal va samarali foydalanish hisoblanadi.

Tadqiqot jarayonida 62,6% ishtirokchilar aholini ijtimoiy muhofaza qilish va fuqarolarga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish va yordam olish uchun sharoit yaratish sohasida erishilgan natijalarni qayd etishdi.

Telefon so‘rovining har ikkinchi ishtirokchisi o‘tgan yil davomida mamlakatimizda shahar va qishloqlar qiyofasi sezilarli darajada o‘zgarganini, puxta o‘ylangan muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmaga ega yangi qulay va zamonaviy turar joylar qurilayotganini, yangi bozorlar, yirik savdo markazlari paydo bo‘layotganini, tibbiyot muassasalari barpo etilayotganini, yo‘l-transport chorrahalari yaxshilanayotganini, yo‘l va trotuarlar, bolalar maydonchalari va sport maydonchalari, istirohat bog‘larini rekonstruksiyalash va kapital ta’mirlash ishlari davom ettirilayotganini ta’kidladilar.

Telefon so‘rovi jarayonida 44,7% fuqarolar so‘nggi paytlarda mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlod va yoshlarga, farzandlarimizni mustaqil hayotga tayyorlashga, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ish bilan ta’minlashga, ularni ijtimoiy himoya qilishga, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirishga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, telefon so‘rovida ishtirok etgan 43,5% fuqarolarning hisoblashicha, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, fuqarolar sog‘lig‘ini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda, birlamchi tibbiy yordam ishlari yaxshilanmoqda, yangi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifoxonalar ochilmoqda, qishloq joylarda tibbiy yordam tizimi faoliyati yaxshilanmoqda, teletibbiyot rivojlanmoqda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yosh avlod salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilik so‘ralgan fuqarolar o‘z hayotlari darajasi va ishlarining borishidan qoniqadilar. Ta’kidlash kerakki, sotib olish qobiliyati va yirik xaridlar uchun qulay sharoitlar mavjudligi, fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni sotib olish va ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish qobiliyati aholi turmush darajasining muhim xususiyati bo‘lib xizmat qiladi.

Umuman olganda, o‘tkazilgan tadqiqotning ko‘rsatishicha, Yangi O‘zbekistonning jamiyat barqarorligini mustahkamlash, davlat va jamoat xavfsizligini ta’minlash, mamlakatning raqobatbardoshligi va xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan rivojlanish vektorini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik fikrida ustuvorlik qiladi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalari fuqarolarning dunyoqarashi o‘zgarayotganini, mehnatga, hayotga munosabati, huquqiy madaniyati, siyosiy ongi va aholining ijtimoiy faolligi oshayotganini, ma’naviy-axloqiy qadriyatlari mustahkamlanayotganini, odamlarning fuqarolik pozitsiyasi o‘sayotganini, Vatan taqdiri uchun shaxsiy mas’uliyat va vatanparvarlik hissi oshayotganini tasdiqlaydi.

Respondentlarning fikricha, Mustaqillik bayrami – Vatanga muhabbat timsoli, ko‘p millatli o‘zbekistonliklar hamjihatligining yorqin namoyishi hamdir.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik
fikrini o‘rganish Markazi.

O‘zA