Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p maktablar hamon kuz-qish mavsumiga tayyor emas
17:04 / 2023-09-08

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining axboroti eshitildi. Eshituvda boshlang‘ich va umumiy o‘rta ta’limni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, maktablarda o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish borasidagi ustuvor vazifalar ijrosi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga e’tibor qaratildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida milliy maqsad va vazifalarga erishish bo‘yicha vazirlik tomonidan qator yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi:  

— Ta’lim sohasidagi vazifalardan kelib chiqib, Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Maktablarda o‘quv dastur va darsliklarni takomillashtirish, yangi darsliklar ishlab chiqish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, 5-11-sinf o‘quvchilari uchun informatika darsliklari rus, o‘zbek va qoraqalpoq tillarida tayyorlanmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston” nashriyot matbaa-ijodiy uyi Germaniyaning Klett nashriyoti bilan imzolangan shartnoma asosida 1-11-sinflar uchun nemis tili darsliklarini chop etish ishlari amalga oshirilmoqda.    

Pedagoglar salohiyatini oshirish masalasi ham doimiy e’tiborda. An’anaviy pedagogik metodikalar o‘rniga zamonaviy usullarni tatbiq etishga e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Buyuk Britaniyadagi Cambridge Assessment tashkiloti bilan hamkorlikda 28 nafar maktab o‘qituvchilari hamda direktorlari uchun Professional Development Qualification dasturi bo‘yicha kurs tashkil etildi. 10 nafar pedagog xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Prezident maktablarining tajribalarini umumta’lim maktablariga joriy etish maqsadida seminar-treninglar o‘tkazilib, 25 mingdan ortiq o‘qituvchilar o‘qitildi.    

Pedagoglar va o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi. Xususan, 1 ming 697 nafar pedagog 9 oy davomida qo‘shimcha rag‘batlantiriladi. Fan olimpiadalarida sovrindor bo‘lgan o‘quvchi va ularning ustozlarini rag‘batlantirish borasidagi chora-tadbirlar natijasida bugun fan olimpiadalaridagi yutuqlarimiz ortib bormoqda. Jumladan, Toshkent shahrida matematika fanidan “Al-Xorazmiy”, Xiva shahrida kimyo fanidan “Abu Rayhon Beruniy” xalqaro olimpiadalari o‘tkazilib, ularda yurtimiz o‘quvchilari 6 ta oltin, 14 kumush, 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. 2023 yilda bitiruvchilarning 13 ming 911 nafari oltin va kumush medallar bilan taqdirlandi, — dedi vazir o‘rinbosari.    

Eshituvda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi ishlar ham qizg‘in muhokama qilindi. Deputatlar joylardagi o‘rganishlari davomida ko‘pgina umumta’lim maktablari hamon kuz-qish mavsumiga tayyor emasligi, ayrim ta’lim maskanlarida isitish tizimlari talabga javob bermasligiga guvoh bo‘lishganini qayd etdilar.    

— Bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi mavjud 10 ming 104 ta umumta’lim maktablaridan 486 tasi markaziy isitish tarmog‘i orqali, 9 ming 467 tasi lokal isitish tarmog‘i, 151 tasi esa qo‘lbola pechlar orqali isitilishi uchun zarur choralar ko‘rilgan, — deydi deputat Muqaddas O‘rozaliyeva. — Ammo o‘rganishlarimiz mobaynida isitish tizimi borasida talay masalalar borligi aniqlandi. Bu borada biz o‘z takliflarimizni bildirdik.  

Shuningdek, eshituvda deputatlar “Kundalik.com” raqamli ta’lim platformasi joylarda to‘liq ishlamayotgani, pedagoglarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga sirtqi qabul kvotalarini kamaytirish lozimligini va boshqa bir qator taklif hamda savollarini bildirdilar.  

Vazirlik mutasaddilari savollarga atroflicha javob qaytardi. Eshituv so‘ngida qo‘mita va vazirlikning hamkorlikdagi vazifalari belgilab olindi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA