Ko‘p kvartirali uy – bu faqat beton va devorlar majmuasi emas. U millionlab odamlarning kundalik hayoti, xotirjamligi va kelajakka ishonchi bilan bog‘liq tizimdir. Shu bois uni qanday boshqarayotganimiz davlat boshqaruvi samaradorligining eng aniq ko‘zgularidan biri hisoblanadi.
Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan navbatdagi takliflar aynan shu hayotiy tizimni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Mazkur taqdimot oddiy hisobot yoki rejalar to‘plami emas, balki ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarishda iqtisodiy barqarorlik, raqamli shaffoflik va zamonaviy xizmatlar uyg‘unlashgan yangi modelni shakllantirishga qaratilgan strategik qarashdir.
Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Ozoda ЖЎРАЕВАнинг fikrlarida ham ana shu yangi bosqichga ishonch, qilingan ishlarga real baho va oldinda turgan vazifalarga aniq yo‘nalish yaqqol seziladi.
– Bugun O‘zbekistonda 44 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uyda 7,1 million nafar aholi istiqomat qilayotgani sohaning qanchalik ulkan ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Ushbu uylarga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyalari, 200 dan ziyod shirkatlar xizmat ko‘rsatmoqda, shuningdek, 856 tasi o‘zini o‘zi boshqarish uslubida boshqariladi, – deydi vazir o‘rinbosari.

Keyingi yillarda amalga oshirilgan ta’mirlash, obodonlashtirish va muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash ishlari xizmatlar sifati sezilarli oshganini ko‘rsatmoqda. Faqat 2025 yilning o‘zida qariyb 245 milliard so‘m hisobidan minglab uylar ta’mirlangani davlatning sohani qo‘llab-quvvatlashdagi qat’iy pozitsiyasidan dalolat.
Qayd etish kerak, iqtisodiy barqarorlik – tizimning poydevori. Biroq infratuzilmani yangilashning o‘zi yetarli emas. Asosiy masala boshqaruv servis kompaniyalarining iqtisodiy barqarorligi va moliyaviy mustaqilligidir. Shu nuqtai nazardan, barcha majburiy badallar va umumiy mulkdan tushadigan daromadlarni “Mening uyim” billing tizimi orqali hisobga olish talabi sohada shaffoflikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
Umumiy mol-mulkni ijaraga berish shartnomalarining soliq organlarida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi esa “ko‘rinmas iqtisodiyot”ga barham berib, har bir so‘mning manzilli ishlatilishiga xizmat qiladi.
2026-2030 yillarga mo‘ljallangan takliflarda hokimliklar huzurida hududiy inspeksiyalar tashkil etish, byudjetdan tashqari jamg‘armalarni shakllantirish va hokim o‘rinbosari lavozimini joriy etish rejalari sohadagi parokandalikni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadamdir.
Bu islohotlar orqali uy-joy kommunal xo‘jaligi birinchi marta aniq mas’uliyat, doimiy nazorat va uzluksiz monitoring tizimiga ega bo‘ladi.
Bugungi kunga kelib raqamlashtirish va sun’iy intellekt kelajak emas, zaruratga aylandi. Shu nuqtai nazardan taqdimotning eng e’tiborli jihatlaridan biri sohani raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini joriy etishdir. Dispetcherlik xizmatlarida sun’iy intellekt asosida murojaatlar bilan ishlash aholi uchun vaqt, boshqaruv kompaniyalari uchun esa samaradorlik degani.
“Turar joy” milliy axborot tizimining ishga tushirilishi esa ko‘p kvartirali uylarning texnik holati, resurslar iste’moli va yer uchastkalari bo‘yicha yagona, ishonchli ma’lumotlar bazasini yaratadi. Bu qarorlar qabul qilishda inson omilini kamaytirib, aniq raqamlar va tahlilga tayanish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari topshiriqlari va taqdim etilgan takliflar ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish sohasini iqtisodiy jihatdan barqaror, investitsiya uchun jozibador va to‘liq shaffof tizimga aylantirishga qaratilgan. Eng muhimi, bu islohotlar markazida inson – oddiy fuqaroning hayot sifati turibdi.
Yangi modelda aholi, davlat va boshqaruv kompaniyalari manfaatlari o‘zaro uyg‘unlashadi. Bu esa ko‘p kvartirali uyni muammo manbai emas, balki barqaror va qulay yashash makoniga aylantirish yo‘lidagi eng muhim qadamdir.
O‘zA muxbiri
Behruz XUDOYBERDIEV yozib oldi.