O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilar ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishning maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
a) markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangan 1 032 ta ko‘p kvartirali uyning energiya samaradorligini oshirish;
b) majburiy badal va to‘lovlar hamda umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar hisob-kitobini to‘liq shaffof tizimga o‘tkazish orqali debitor qarzdorlikni kamida 80 foizga kamaytirish;
v) ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida yashirin iqtisodiyotni kamaytirish, byudjet mablag‘larini ajratish va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilish orqali og‘ip holatdagi 10 mingta uyni bosqichma-bosqich yaxshilash;
g) ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish.
Qaror bilan ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish dasturlarini moliyalashtirish maqsadida:
a) 2026-2030 yillarda xalqaro moliya institutlarining 200 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobiga markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangan ko‘p kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish uchun ularni mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish dasturi;
b) 2026-2027 yillarda shahar va tumanlarda respublika byudjetidan 1 trln so‘m mablag‘ ajratish hisobiga ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash hamda uylarga tutash hududlarda umumiy foydalanishdagi infratuzilma ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturi;
v) 2026 yilda respublika byudjetidan 79,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratish hisobiga 1991 yilgacha qurilgan ko‘p kvartirali uylarning elektron pasportini ishlab chiqish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari;
g) 2026 yilda respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar hamda boshqa manbalardan jami 1,8 trln so‘m mablag‘ ajratish hisobiga ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha yig‘ma dastur tasdiqlandi.
O‘zA