Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘p kvartirali uylar uchun minimal tariflar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilanadi
18:21 / 2024-03-20

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalariga press-tur tashkil etildi.

Press-tur davomida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar, boshqaruv tashkilotlari faoliyati, aholi uchun yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda 1 mln. 400 mingdan ziyod xonadondan iborat 41 ming 930 ta ko‘p kvartirali uy mavjud. Ularga 811 ta boshqaruvchi tashkilotlar hamda 159 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinadi. 20 ming 347 ta ko‘p kvartirali uyni boshqarayotgan 398 ta boshqaruvchi tashkilotlar yaxshi, 15 ming 981 ta ko‘p kvartirali uyni boshqarayotgan 369 ta boshqaruvchi tashkilotlar o‘rta, 2 007 ta ko‘p kvartirali uyni boshqarayotgan 44 ta boshqaruvchi tashkilotlar og‘ir toifadagi boshqaruvchi tashkilotlar hisoblanadi. 

Bugungi kunga qadar boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan ma’muriy bino qurish va binoni ta’mirlash uchun 49 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Shu bilan birga boshqaruvchi tashkilotlarda jami 17 mingdan ziyod zarur moddiy-texnika va uskunalar mavjud. 

Hozirgi kunda boshqaruvchi tashkilotlarda jami 11 483 nafar ishchi xodim faoliyat yuritmoqda. 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 278,6 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 5 684 ta ko‘p qavatli uylar ta’mirlandi. 2022-yil 1-yanvardan boshlab mulkdorlarning shaxsiy identifikatsiya raqami va xonadonlarning (mulklarning) kadastr raqamidan foydalangan holda «Mening uyim» billing tizimi joriy etildi hamda unga 1,3 mln. xonadon to‘g‘risida ma’lumotlar kiritildi. 

– Amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida Prezidentimizning o‘tgan yilning 15-avgustida «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Bobur Boyzakov. – Qarorga asosan 2024-yil 1-yanvardan boshlab, ko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlash notariuslar tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining axborot tizimi orqali tegishli mulkdorning majburiy badallar yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin amalga oshirilishi belgilangan. Qolaversa, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlariga agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan chiqindilarni va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil bo‘lgan chiqindilarni maishiy chiqindilarni to‘plash punktlarida yoki chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlari bilan kelishilgan maxsus joylarda yig‘ishga ruxsat etildi. Shuningdek, qaror bilan ko‘p kvartirali uylarni lozim darajada saqlash uchun minimal tarifni belgilash Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilanadigan bo‘ldi. 

Jurnalistlarning birinchi manzili Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan 82 ta ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatuvchi «Classic building communal» boshqaruv servis kompaniyasi bo‘ldi. Boshqaruv tashkiloti 2022-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 40 ga yaqin qo‘shimcha servis xizmatlar hamda 20 ga yaqin tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Boshqaruv kompaniyasi binosi zamonaviy talablar asosida barpo etilgan. Aholi va uning qulayligi uchun barcha sharoitlar bor. «Classic building communal» BSK 2022-yildan buyon 60 ta yerto‘ladagi barcha ichki muhandislik tarmoqlarini yangilagan. 62 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi to‘liq ta’mirlangan. Shuningdek, 55 ta markaziy elektr shit, 200 dan ortiq kirish yo‘laklari mukammal hamda 27 000 kv. metr tom qismi joriy ta’mirdan chiqarilgan. Jamoa tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida hozirgi kunga qadar 6 ta zamonaviy bolalar o‘yingohi barpo etilgan. 

Jurnalistlar shuningdek, poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi «Demetra capital development» boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. 2021-yil 16-fevralda tashkil topgan ushbu kompaniya bugungi kunda 16 mingdan ortiq aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 

2023-2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan ham kompaniya tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 21 ta ko‘p qavatli uyning ichki muhandislik tarmoqlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi, 3 ta uyda sovuq suv uchun nasos o‘rnatildi. 20 ga yaqin ko‘p qavatli uyning tom qismida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga 12 ta kirish yo‘lagi yangi, zamonaviy qiyofa kasb etdi. 2 ta ko‘p kvartirali uyning tom qismi kapital ta’mirlandi. 

Kommunal soha – aholining bevosita birlamchi ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab tizim. Sohadagi e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolarning yashash tarzi yomonlashishiga olib keladi. Shu bois tizimni rivojlantirish, unga zamonaviy talablar asosida yangi islohotlarni joriy etish zarur. Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sohasining yangi shakli – boshqaruv servis kompaniyalari kommunal sohada yig‘ilib qolgan qator muammolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA