Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kooperatsiyalar aholi bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda
15:20 / 2020-09-04

Shundan jamoat ishlariga jalb qilingan 2 ming 412 fuqaroga 1,4 milliard soʻm berildi.


Buxoro viloyati Peshku tumanida joriy yilning birinchi yarim yilligida aholi bandligini taʼminlash uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qariyb 3 ming fuqaroga 2,4 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

Shundan jamoat ishlariga jalb qilingan 2 ming 412 fuqaroga 1,4 milliard soʻm berildi.

– Yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻlik, koʻchatlar va sugʻorish vositalarini xarid qilish uchun 173 fuqaroga 405,8 million soʻm subsidiya berildi, – deydi tuman hokimining moliya-­iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Shoxruh Omonov. – Shundan 231,4 million soʻmi issiqxona, 137,9 million soʻmi koʻchat va qolgan 36,6 million soʻmi sugʻorish vositasi uchun ajratildi.

– Tomorqadan unumli foydalanish borasida olib borilayotgan targʻibot-tashviqot ishlarini eshitib, 1-sektor mutasaddilariga subsidiya ajratish boʻyicha murojaat qilgandim, – deydi Navoiy nomli mahallada yashovchi fuqaro Botir Berdiyev. – Murojaatim joyida koʻrib chiqildi. Men va oila aʼzolarimning bandligini taʼminlash uchun 1 sotixli issiqxona qurib berishdi. Bugun mana shu issiqxonada oila aʼzolarim bilan mehnat qilib, roʻzgʻorimiz uchun yaxshigina daromad olyapmiz.

Mazkur hududda tashkil etilgan “Peshkoʻ bogʻi” ishlab chiqarish kooperatsiyasiga 100 gektar yer maydoni ajratilib, 108 aʼzosining har biri uchun ulush sifatida bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida, jami qariyb 241 million soʻm subsidiya ajratildi.

Ayni paytda mazkur kooperatsiya tomonidan choʻl hududidagi foydalanilmayotgan yerlar oʻzlashtirilmoqda. 4 kilometr uzunlikdagi kanal beton qilinib, oʻzlashtirilgan yerga suv olib kelindi.

– Kollejni bitirib, ishsiz yurgandim, – deydi 18 yoshli Tursun Ayosov. – Kooperatsiyadan oila aʼzolarim bilan yer oldik. Tokzorlar orasiga poliz mahsulotlari, dukkakli ekinlar ekdik. Ayni kunda poliz mahsulotlarini bozorga olib chiqyapmiz. Tariq oʻrildi, somon gʻamlandi. Ushbu yem-hashak bilan chorvamizni ham boqyapmiz.

Turkiston mahallasi hududida ham 2 gektar yer maydonida issiqxona qurish asosida yana bir “Peshkoʻ Tomorqa Eksport” ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil qilingan edi. Unga 60 nafar ishsiz fuqaro ixtiyoriy ravishda aʼzo boʻldi. Aʼzolarning har biri uchun ulush sifatida jami 133,8 million soʻm subsidiya ajratildi.

Muxtasar aytganda, tumanda aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida “temir daftar”ga kiritilgan oilalar soni kamayib bormoqda.