Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 sentyabrdagi “Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, belgilangan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasining maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’i nazar, ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etiladi.
Mazkur hujjatga asosan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari, uzum ko‘chati va tok so‘risi, asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi, quyon, quyon katagi va ozuqa yemi, baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemini xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi.
Bunda mazkur subsidiya bir nafar tomorqa yer uchastkasi egasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda hokim yordamchilarining tavsiyasiga asosan ajratiladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, yakka tartibdagi tadbirkorlarga beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik kabi murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlariga hamda qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida yakka tartibdagi tadbirkorlarni jalb qilishga ruxsat etiladi.
O‘zA