English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kooperatsiya aloqalari hamkorlik rivojiga xizmat qiladi
17:56 / 2022-06-05

Mamlakatimizda butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, xomashyo va materiallarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va import hajmini qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Navoiy viloyatida ham mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish, shuningdek, dasturga qo‘shimcha loyihalarni kiritish, mavjudlarini monitoring qilish hamda belgilangan prognoz parametrlari bajarilishini ta’minlash yuzasidan  muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2021 yilda 54 ta hududiy korxonalar tomonidan 111 turdagi 759,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 

– Mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sanoat kooperatsiyasini kengaytirish orqali sotish yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borildi, – deydi viloyat hokimligining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi Otabek Eraliyev. – Viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan 3 ming 84 ta sanoat korxonasi “Sooperation.uz” portalidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat ishchi guruhi va tuman, shaharlar hokimliklari hamkorligida 3069 ta sanoat korxonasining 829 turdagi 6 ming 800 ta mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron portalga joylashtirildi. Natijada 2021 yilning yanvar-dekabr oylarida viloyatdagi sanoat korxonalari o‘rtasida o‘rnatilgan kooperatsiya aloqalari doirasida 5 trillion 418 milliard so‘mlik mahsulotlar xaridi va sotilishi amalga oshirildi. Shundan 977,5 milliard so‘mlik mahsulotlar viloyatdagi hududiy kichik biznes sub’ektlari tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, 4 trillion 440,5 milliard so‘mlik savdo aloqalari yirik korxonalar tomonidan ta’minlangan. 

Ayni paytda viloyatda Prezidentimizning 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan viloyat hokimi yordamchisi boshchiligida tashkil etilgan Ishchi guruhi shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish va korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, import hajmini optimallashtirish yuzasidan doimiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

– Viloyat Ishchi guruhi tomonidan mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotgan tashabbuskorlarning muammolarini o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hududlarda hal etish imkoni bo‘lmagan muammolar tahlil etimoqda, – deydi Otabek Eraliyev. – Tahlillar natijasida aniqlangan muammolarni tegishli mas’ullar hamkorligida muhokama qilish va tegishli choralarni ko‘rish tadbirlari nazoratga olingan. 

Qaror doirasida joriy yilda 56 ta hududiy korxonalarda 142 turdagi yangi mahsulotlar o‘zlashtirilishi hamda 1,1 trillion so‘mdan ortiq import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi va bularning hisobiga 917 ta yangi ish joyi yaratilishi hamda 90 million dollardan ortiq miqdorda chet el valyutasi tejalishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, o‘zlashtirish uchun tavsiya etilayotgan 980 ta mahsulot turlaridan 55 tasi tanlab olinib, mahalliy resurslar asosida o‘zlashtirish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari bilan birgalikda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Tarmoqlarning ehtiyojiga asosan viloyatdagi 21 ta hududiy korxonalar tomonidan 52 turdagi mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish yuzasidan tarmoq korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari kesimida manzilli rejalar belgilab olindi.

– Viloyatdagi sanoat korxonalari o‘rtasida 2022 yil yanvar-mart oylarida “Elektron kooperatsiya” portali orqali 439,2 milliard so‘mlik shartnomalar tuzilgan, – deydi O.Eraliyev. – 2022 yilning 15 mart kuni viloyat hokimligi va “NKMK” AJ tomonidan “Navoiy mashinasozlik zavodi” ning ishlab chiqarish maydonida Qiziltepa tumani hamda Navoiy shahridagi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, unda “Mahalliylashtirish sanoat zonasi” ni tashkil etish, bunda NKMK uchun butlovchi buyum va ehtiyot qismlarni yetkazib berishga ixtisoslashgan korxonalarni tashkil qilishga kelishib olindi.

Viloyatda kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 martdagi “2022 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, 20-21 oktyabr kunlari “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Hozirda viloyatdagi tarmoq korxonalarning ehtiyojlariga asosan 21 ta hududiy korxonalar tomonidan qo‘shimcha ravishda 52 turdagi mahalliy mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish yuzasidan tarmoq korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari kesimida “mahsulotbay” manzilli rejalari ishlab chiqilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, 
O‘zA muxbiri