Qadimdan madaniy ildizlari uzviy bog‘liq bo‘lgan turkiy ellarning do‘stligi yildan-yilga rivoj topib bormoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bois 2019 yilda mamlakatimizning Turkiy Davlatlar Tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lganligi turkiy birdamlikda tarixiy ahamiyat kasb etdi. Milliy manfaatlarimizga to‘la mos keladigan mazkur siyosiy qaror xalqimizni nafaqat turkiy ellar oilasiga qaytardi, balki ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlik yo‘lida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Buni xalqlarimiz o‘rtasida tobora quloch yozib borayotgan adabiy aloqalar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Turkiya Respublikasining Ko‘nyo shahrida “Mavlono ma’naviy merosi 14-Xalqaro she’riyat anjumani”ga taklifnoma olganimda dastlab shu o‘ylar xayolimdan kechdi. Qolaversa, “Oshiqlar shahri” nomini olgan Ko‘nyoga borish, u yerdan mangu qo‘nim topgan buyuk mutafakkir va shoir Mavlono Jaloliddin Rumiy maqbarasini ziyorat qilish istagi bolaligimdan fikru yodimni band etgan orzu edi. O‘quvchilik yillarimda Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” asari qo‘limga tushib, ko‘p mutaassir bo‘lgandim. O‘shanda xayolan Mavlono yurgan Ko‘nyo ko‘chalarini ko‘p bora kezgandim...
Bolalikdagi o‘sha hayajonlarni xotirlab, Ko‘nyo sari yo‘lga chiqdik. Manzilga yetib shahar ko‘chalarini oralab borarkanman, o‘zim xayolan kezgan ko‘hna shaharning tarixiy izlarini qidiraman...
“Mavlono ma’naviy merosi xalqaro she’riyat anjumani” Turkiya Yozuvchilar uyushmasining Ko‘nyo bo‘limi va Qaratay hokimligi tomonidan o‘n to‘rtinchi bor tashkil etildi. Bu yilgi anjuman turk dunyosining taniqli yozuvchisi marhum Mexmet Do‘g‘onning yorqin xotirasiga bag‘ishlandi. Xalqaro tadbirda turkiy ellardan, shuningdek, Falastindan va Rossiyaning Tatariston o‘lkasidan ellikka yaqin shoirlar qatnashdi.
Anjuman ishtirokchilari dastlab Mavlono Jaloliddin Rumiy qabrini ziyorat qilishdi. Buyuk ulamo, shoir va oshiq yodga olinib, duolar qilindi. Shundan so‘ng shoir maqbarasi yonida kichik mushoira tashkillandi. Dunyoning turli yurtlaridan kelgan 10 ta shoir safida menga ham she’r o‘qish nasib etdi. Kuchli hayajon kechdi. Boisi bu baxt ikkinchi bor nasib etishi – 2022 yilda o‘tkazilgan 14-Xalqaro turkiy she’riyat bayramida ham aynan shu manzilda turib she’r o‘qigan edim. Ijodkor emasmanmi, xayolga berilaman, bundan ayricha hikmatlar tuyaman.
Keyin Turkiya Yozuvchilar uyushmasining Ko‘nyo bo‘limi faoliyati bilan tanishdik. Bo‘lim rahbari, taniqli adib Axmet Ko‘sao‘g‘li o‘z faoliyati va uyushmaga bino berilishi tarixi haqida gapirayotib O‘zbekistonni esladi. U o‘tgan yili yurtimizda bo‘lib o‘tgan 15-Xalqaro turkiy she’riyat bayramida qatnashgan edi.
“Albatta, bizning binomiz O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiniki kabi muhtasham emas. Yana atrofimizda katta bog‘ va shoirlarning haykallari yo‘q”, - dedi u menga yuzlanib. Jilmayib qo‘ydim. Hazil aralash aytilgan bu gapdan ozgina og‘riq va o‘zbek ijodkorlariga havasni tuydim. Davrada qo‘r to‘kib, bundan faxrlanib o‘tirdim.
Esladim – o‘shanda (2024 yil noyabr oyida) turkiyalik ijodkorlarni Uyushma binosi kutib olarkanmiz, Axmet Ko‘sao‘g‘li menga yuzlanib “Bu qanday saroy? Konsert zalimi?”, - degandi. Bu O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosi ekanini aytganimizda avvaliga ishonmagan. Ichkariga kirib, Uyushma faoliyati bilan tanishib keyin chindan ishondi. “Adiblar xiyoboni”da qad ko‘targan haykallarni ko‘rib va ular ijodkorlarga atalganini eshitib hayratga tushgandi. Ko‘nyodagi tadbirda chamasi o‘shandagi hayrati va havasi yodiga tushdi...
Kechqurun Mavlono Jaloliddin Rumiy maqbarasi hovlisida -Darveshxonaning gulzor bog‘ida katta “She’r oqshomi” o‘tkazildi. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Musa Kazim Arijan she’riyat ellarni va dillarni yaqinlashtiruvchi kuchli ilohiy vosita ekanini ta’kidladi. “She’riyat Mavlononing asl mohiyatini: uning hikmatini, bilimini va bizni inson qiladigan qadriyatlarni abadiylashtiradi. Shu bois an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Mavlono xalqaro she’riyat bayramining davom etishi Ko‘nyoning madaniy obro‘si va nufuzi uchun juda muhim”, - dedi o‘z so‘zida Karatay hokimi Hasan Kilja.
“She’riyat oqshomi” kuchli ruhiy hissiyotlarga va hayratlarga boy bo‘ldi. “Shuhrat, manzarani qara”, - deydi hayajonlanib Turkiya Yozuvchilar uyushmasining Istanbul bo‘limi rahbari Mahmud Biyikli. – Ustimizda to‘lin oy. Oldimizda Mavlono maqbarasi gumbazi. Shu kungacha sanoqsiz she’riyat bayramlarida qatnashganman, lekin dasturda o‘sha joyning ruhi shu qadar chuqur aks etgan va bir-biriga bog‘langan boshqa bir voqeani eslay olmayman”.
Haqiqatan ham o‘sha lahzadagi manzara ajoyib edi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, anjumanni tashkil etgan qardoshlarimiz uni to‘lin oyga ataylab rejalashtirishgan ekan.
Dastur boshlanishidan oldin to‘lin oy bulutlar orasiga kirdi. Bir lahza barchamizni bir g‘amgin tuyg‘u chulg‘ab oldi. Bir necha daqiqada bulutlar tarqalib, to‘lin oy butun ulug‘vorligi bilan paydo bo‘ldi. Osmonda xuddi kumush lagandek ko‘rindi. Xuddiki biz – shoirlar bilan salomlashayotgandek edi...
Keyin shoirlar birin-ketin she’r o‘qishdi. Qariyb uch soat davom etgan mushoira Turkiya telekanallari va ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish qilindi.
Tadbirlar oralig‘ida Ko‘nyoni yayov kezdim. Bu shahardagi har bir buyum va har bir holat Mavlono nomi bilan bog‘lanarkan. Hammasi Mavlono brendi asosida birlashadi. Jaloliddin Rumiy ko‘nyoliklar uchun nafaqat shoir va mutafakkir, balki poklik, baraka va bag‘rikenglik ramziga aylanib ketgandek. Butun bir shahar birgina turizm brendiga bog‘lanib yashayotgandek taassurot uyg‘otadi. Hattoki Rumiy va Shamz Tabriziy ilk uchrashgan joy sharafiga ham maxsus yodgorlik o‘rnatilgan.
She’riyat boisidan boshlangan ijodiy safarimiz shu tariqa yakuniga yetdi. Turkiyada kechgan kunlar davomida turkiy ellarning ruhiy yaqinligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Buyuk tarixga va adabiyotga ega xalqimizga, shiddat bilan jahonda o‘z o‘rnini egallayotgan Yangi O‘zbekistonga cheksiz muhabbatni va samimiy ehtiromni his qildim. Shuningdek, Prezidentimizning adabiyotga alohida e’tibori xalqaro darajada e’tirof etilayotganini ko‘rib, eshitib, shu yurtning bir ijodkori sifatida faxrlandim, ko‘nglim tog‘dek o‘sdi.
Turkiy ellarning do‘stligi va adabiy hamkorligi rivoj topaversin!
Shuhrat ORIF,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
shoir Toshkent- Anqara-Ko‘nyo-Toshkent