Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Konya-2021»: O‘zbekiston sportining xalqaro maydondagi yangi sahifasi ochildi
10:48 / 2022-08-19

Konya shahrida poyoniga yetgan Islom birdamligi o‘yinlari mamlakatimiz sporti uchun g‘alabali odimlar maydoni bo‘lish bilan birga, kelajak rejalarini aniqlab olish nuqtasi sifatida yodda qoladigan bo‘ldi.

Kecha, 18 avgust tunda o‘yinlarning rasmiy yopilish marosimi o‘tkazildi. O‘ziga xos bayramona tarzda tashkil etilgan tantanalarda yurtimiz sportchilari 56 ta mamlakat vakillari qatorida Yangi O‘zbekistonning Yangi chempionlari sifatida saf tortishdi.

"Konya-2021" musobaqalari ta’kidlaganimizdek, mamlakatimiz sportining yangi sahifasini ochdi.

O‘tgan 30 yillik sport o‘yinlari, kompleks sport musobaqalari tarixida O‘zbekiston yoshlari 50 dan oshiq davlat vakillari qatnashgan shunday tizimdagi biron bir nufuzli bellashuvlarda bu qadar ko‘p medal, bu qadar ko‘p olqish olmagan, kuchli davlatlar, jamoalar orasida umum jamoa ko‘rinishida 2-o‘ringa ko‘tarilmagan edi.



Uzoqqa bormaylik, 2016 yil holatini qaraydigan bo‘lsak, hududlardagi ayrim markaziy shaharlarda ham qish kunlari biron-bir tayinli sport tadbirini o‘tkaza olmasdik. Sport jihozlari, zarur infratuzilma haqida og‘iz ham ocha olmasdik. Faqat gapda, qog‘ozda, hisobotlarda «ishlarimiz besh» edi. Amalda esa o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora edik. Katta sport musobaqalarida qaysidir davlatlar, jamoalar bilan bo‘ylashish, tenglashish uchun «yugur-yugur» qilardik.

"Tokio-2020" o‘yinlari va undan keyingi kompleks musobaqalar, anjumanlar O‘zbekiston sportining yuzi, maqsad-muddaosi ne chog‘li boshqacha, o‘zgacha yuksalish tamoyillariga yo‘g‘rilganini, yangicha qiyofa kasb etganligini namoyon etdi.

So‘nggi kungi sovrinli o‘rinlar sarhisobga ko‘ra, Turkiya mamlakati sportchilari 145 ta oltin, 107 ta kumush, 89 ta bronza, jami 341 ta medallar jamlanmasi bilan 1-o‘rinni, 51 ta oltin, 42 ta kumush, 65 ta bronza, jami 158 ta medallar bilan O‘zbekiston vakillari 2-o‘rinni, 39 ta oltin, 44 ta kumush, 50 ta bronza, jami 133 ta medallarga ega eronliklar 3-o‘rinni egallab, Islom birdamligi o‘yinlarining beshinchi musobaqalariga yakun yasadi.

Tarixga aylangan Islom birdamligi o‘yinlarining tantanali yopilish marosimida Turkiya yoshlar va sport vaziri Mehmed Muharrem Kasapoglu islom birdamligi o‘yinlarining bayrog‘ini Xalqaro Islom birdamligi sport federatsiyasi (ISSF) rahbari shahzoda Abdulaziz bin Turki al-Feysalga tantanali taqdim etdi.

Kuy-qo‘shiqlar, turli raqslar va ajoyib ko‘rinishlarga boy bo‘lgan marosimda O‘zbekiston sportchilari o‘z shiddatini ko‘z-ko‘z etdi.

O‘yinlarda zafar quchgan mamlakatimiz sportchilari delegatsiyasi bugun kechki payti Toshkentga qaytib keladi.
 

 

To‘lqin Ro‘ziyev, Muhammad Amin (surat), O‘zA