English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Konya-2021": medallar jamg‘arishda O‘zbekiston 2-o‘rinda
09:53 / 2022-08-16

Va nihoyat, Konyada davom etayotgan Islom birdamlik o‘yinlarining so‘nggi kunlariga kelib O‘zbekiston medallar jamg‘arishda Turkiyadan keyin 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

15 avgust kungi bahslar yakuniga ko‘ra, mamlakatimiz sportchilari qo‘lga kiritgan oltinlar 40 ta, kumushlar 28 ta hamda bronzalar 44 ta, jami medallar soni 112 ta.

Medallar jamg‘arishda O‘zbekiston sportchilaridan keyingi 3-o‘ringa tushib qolgan eronliklar hozircha 37-31-42, jami 110 ta medalga ega bo‘lib turibdi.

Ta’kidlash lozimki, kechagi bahslarda Bahrom Mendiboyev bosh murabbiyligidagi og‘ir atletikachilarimiz chinakam qahramonlik ko‘rsatdi. Jahon va olimpiya o‘yinlari chempionlari Ruslan Nuruddinov, Akbar Jo‘rayev, Tursunoy Jabborovalarning barcha yo‘nalishlarda oltin medallarga ega chiqishi, Sharofiddin Amriddinov Vatanimiz sporti shuhratini ulug‘lashi bilan ularning har bir harakati Islom birdamligi o‘yinlarining bezagi bo‘ldi.

Shuningdek, Ilya Iliadis bosh murabbiyligidagi yurtimiz dzyudochilari ham Islom birdamligi o‘yinlari dasturidagi ilk kunni shiddatli va biz uchun g‘ururli boshlashdi.

Hamyurtlarimizdan Diyora Keldiyorova, Nilufar Yermaganbetova, Shahram Ahadov oltin medallarga musharraf bo‘lishi, Sardor Nurillayev, Sita Qadamboyeva hamda Sevinch Isoqova o‘z vaznida bronza medallariga egalik qilishi umumjamoada Eron sport delegatsiyasini ortda qoldirishga munosib ulush bo‘ldi.

Bundan tashqari, qilichbozlikning sablya yo‘nalishida Zaynab Dayibekova, Sevinch Ismoilova, Paola Pliyego va Aysulu Usnatdinovadan iborat jamoamiz kumush, rapira bahslarida Umida Ilyasovaning bronzaga sazovor bo‘lishi ham ahamiyat kasb etdi.

O‘yinlar dasturidan o‘rin olgan 50 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha final bellashuvida qatnashgan hamyurtlarimiz Xurshidjon Tursunov 22.51 soniya bilan ikkinchi, 22.72 soniya qayd etgan Aleksey Tarasenko esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

400 metrga erkin usulda suzish bahsida yosh sportchimiz Yegor Petryakov bronzaga ega chiqishi, musobaqa davomida Tursunovning natijasi yangi O‘zbekiston rekordi sifatida qayd etilganligi ham Konya bahslarining ahamiyati vatanimiz sporti uchun naqadar e’tiborli ekanligidan dalolat.

[gallery-8333]

Kechagi kun musobaqalarini basketbol 3x3 bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Hamyurtlarimiz guruh bosqichi bahsida avvaliga Malini 13:10, so‘ng Ugandani 12:10 hisobida mag‘lub etdi. Endi iste’dodli basketbolchi qizlarimiz bugun yari finalda Eronga qarshi bahs olib boradi.

Yakunlanishiga 3 kun qolgan Islom birdamligi o‘yinlarining ortda qolgan bahslari mamlakatimiz sportchilarining bir maqsad atrofida birlasha oladigan kuchli jamoa ekanligini namoyon etdi. Bu, har bir musobaqada, sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarida ko‘zga tashlanmoqdaki, bundan ochig‘i g‘urur-iftixor to‘yadi kishi.

Umuman olganda, Konyada kechayotgan o‘yinlar terma jamoalar va sportchilar uchun, murabbiy va mutaxassislar uchun yana ikki yildan keyin o‘tadigan Parij-2024 o‘yinlari oldidan o‘ziga xos imtihon bo‘ldi.

Bugun, 15 avgust kuni Islom birdamligi o‘yinlari dasturiga binoan dzyudo, kikboksing, suzish, qilichbozlik, kamondan otish, basketbol 3x3, stenddan otish sport turlari bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tadi. Sovrinli o‘rinlar uchun shiddatli kurashlar kechadi.

Eslatib o‘tamiz, Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etayotgan 56 ta mamlakatdan hozirgacha 40 tasi u yoki bu darajadagi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 26 tasi hali-hamon biron bir o‘rinni egallay olmadi.


To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.