Turkiyaning Konya shahrida davom etayotgan V Islom birdamligi o‘yinlari tobora o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda.
Ortda qolgan 9 kunlik musobaqa davomida bir qator sport turlaridagi bahslar yakuniga yetdi. Jumladan, sport kurashlari, taekvondo, yengil atletika, velosport yo‘nalishidagi barcha toifalarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Bugungacha Islom birdamligi musobaqalarida o‘ynalayotgan 483 ta medalning 196 ta jamlanmasi o‘z sohiblarini topdi.
E’tiborli jihati, bugungacha yakunlangan bahslar sarhisobiga ko‘ra, ushbu medallardan 20 ta oltin, 17 ta kumush hamda 26 ta bronza hamyurtlarimizga tegishli bo‘ldi.
Bugun o‘yinlarning 10-kungi musobaqalari boshlanishi oldidan Turkiya jamoasi 60-59-50, jami 169 ta medalga ega bo‘lgan tarzda peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, ulardan keyingi o‘rinni 27-23-23, jami 73 ta medal bilan Eron 2-o‘rinda, umumiy holatda 63 ta medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston sportchilari kuchli uchlikda bormoqda.
Bevosita kecha yakunlangan musobaqalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston delegatsiyasiga kunning ilk medalini og‘ir atletika bahslarida Muhammadqodir Toshtemirov tortiq etdi. U 81 kg. vazn toifasining dast ko‘tarish mashqida oltin medalga ega chiqdi. Muhammadqodir siltab ko‘tarishda 190 kg. va ikki kurash hisobida 354 kg. bilan bronza medali sohibi bo‘ldi.
V Islom birdamligi o‘yinlarining shossedagi guruh poygasi dasturida velosportchimiz Olga Zabelinskayadan so‘ng hamyurtimiz Margarita Misyurina finish chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Shu tarzda hamyurtlarimiz oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Ushbu oltin medal Olganing Islom birdamligi o‘yinlaridagi uchinchi oltini bo‘ldi.
Yunon-rum kurashidagi bahslarda Jalgasbay Berdimuratov 87 kg. vazn toifasining finalida eronlik Ramin Soltanmurod bilan kurashdi va 11:2 hisobida g‘alaba qozondi. Yosh kurashchimiz Abror Ataboyev 67 kg. vazn toifasida marokashlik Bilol Al Bahjani 9:0 hisobida yengib, 3-o‘rinni egalladi. 60 kg. vaznda gilamga chiqqan Muhammadqodir Yusupov eronlik raqibini mag‘lub etib, Abrorning natijasini takrorladi – 3-o‘rin.
Badiiy gimnastikachilarimiz jamoaviy va yakkalik yo‘nalishlarida yaxshi ishtirok etdi. Vakilalarimiz Taxmina Ikromova, Sabina Tashkenboyeva hamda Yasmina Rahimova yakkalik va ikki kurash dasturlarida 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Bir kun muqaddam boshlangan suzish bahslarida vakillarimiz belgilangan reja asosida ishtirok etmoqda. Kechagi musobaqalarda erkin usulda 4x100 metr yo‘nalishda kechgan estafeta bahslarida suzuvchi yigitlarimiz kumush va bronza medallariga ega chiqishdi.
O‘yinlarning gandbol bahsi yarim final uchrashuvida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Ozarbayjonga qarshi bahsda 27:40 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Agar ushbu uchrashuvda gandbolchilarimiz zafar quchganida oltin medal uchun kurashni davom ettirardi. Endi hamyurtlarimiz Kamerun jamoasi bilan bronza masalasini hal qilishadi.
Bugun, 14 avgust kuni Islom birdamligi o‘yinlarining dasturidan o‘rin olgan 8 ta sport turidagi yo‘nalish va vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlansa, futbol, basketbol 3x3, voleybol o‘yinlarida so‘nggi saralash, yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA