Bugun, 9 avgust kuni Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi tashkil etiladi. Mazkur tadbir Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.
Shuningdek, bugun vakillarimiz 5 ta sport turida medallar uchun kurash olib boradi. Stol tennischilarimiz jamoaviy bahslarda Eron sportchilari bilan kuch sinashadi.
Azizbek Boynazarov, Sulton Nuriddinov, Abdulaziz Xayrullayev, Baxtiyor Ortiqovdan iborat para suzuvchilar ham navbatdagi dastur bahslarida qatnashadi.
Gandbolchi qizlar jamoasi 2-tur o‘yinida Bangladesh termasi bilan ro‘baro‘ keladi. Yengil atletika musobaqalarida Normurod Ergashev 110 metrga to‘siqlar osha bahslarda, Roksana Xudoyorova va Darya Reznichenko uzunlikka sakrash musobaqalarida omadini sinovdan o‘tkazadi.

O‘yinlar dasturidan o‘rin olgan taekvondo bellashuvlarida Charos Qayumova (53), Madina Mirabzalova (57), Jahongir Xudoyberdiyev (54), Doniyor Mahkamov (58) V Islom birdamligi musobaqalarining medallari uchun dayanga chiqadi. Taekvondo musobaqalari 12 avgustgacha poyoniga yetadi.
Bugungacha o‘tgan musobaqalar natijasiga ko‘ra, 11 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan Turkiya sportchilari peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, hisobida 5-1-4, jami 10 ta medal bo‘lgan qozog‘istonliklar 2-o‘rinda bormoqda. 3 ta oltin, 2 ta kumush hamda 4 ta bronzaga ega O‘zbekiston sportchilari 3-o‘rinni band etgan. O‘yinlar dasturidan o‘rin olgan 27 ta sport turlaridagi bahslar belgilangan muddatlarda 18 avgustgacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, Konyada boshlangan Islom birdamligi o‘yinlarining musobaqalarida vatanimiz sharafini 265 nafar sportchi 24 ta sport turida himoya qilmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA