Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kontrakt to‘lovidan 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olsam bo‘ladimi?
13:09 / 2021-06-05

– Savol: To‘langan kontrakt to‘lovimdan 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olsam bo‘ladimi?

– Javob: Jismoniy shaxslarga soliq chegirmasi o‘qish uchun to‘lov o‘z mablag‘lari, jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim kreditlari, yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lari (ssudalar) hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi.

O‘zi yoki farzandlarining o‘qishi uchun to‘langanda soliq chegirmasi jismoniy shaxs — ta’lim oluvchi, shuningdek, agar o‘qish uchun to‘lov ta’lim oluvchi yigirma olti yoshga to‘lguniga qadar amalga oshirilgan bo‘lsa uning ota-onalariga beriladi.

To‘lov manbaida soliq chegirmasi ta’lim uchun to‘lov quyidagilar hisobiga amalga oshirilganda taqdim etiladi:

- to‘langan summalarni jismoniy shaxsning soliq solinadigan daromadlaridan keyinchalik ushlab qolish sharti bilan berilgan ish beruvchining mablag‘lari;

- O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtiga yoki tijorat bankiga olingan ta’lim kreditini qoplash evaziga ish beruvchi tomonidan o‘tkazib beriladigan jismoniy shaxsning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari.

Soliq chegirmasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlash uchun quyidagilar taqdim etiladi:

– to‘lovli-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;

– bank bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;

– OTM hisob raqamiga pul mustaqil to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;

– pasport nusxasi va talabaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi.

Oliy o‘quv yurtlari va tijorat banklari tomonidan mablag‘larni qaytarib berish ushbu mablag‘lar olingan shaxslarning hisobvaraqlariga o‘tkazib berish orqali amalga oshiriladi.

To‘lov ish haqidan emas, mustaqil amalga oshirilganda yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirgan holda soliq chegirmasidan foydalanish mumkin.

Demak, siz yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarni taqdim etgan holda soliq chegirmasiga ega bo‘lishingiz mumkin.

Ushbu material TDYUUning "Yuridik klinikasi” talabalari tomonidan o‘qituvchilar nazorati ostida tayyorlandi.

Gulnoza BOBOEVA,

O‘zA