Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kontrakt to‘lashning so‘nggi muddati qachon?
16:17 / 2023-09-11

2023-2024-o‘quv yili uchun OTMlarga kirish test sinovlari natijalariga ko‘ra 193 ming 421 nafar abituriyent talabalikka qabul qilingan. Tegishli tartibga asosan, OTMga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun shartnoma to‘lovlarini o‘quv yili davomida teng ulushlarda to‘rtga bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilgan.

Xo‘sh, kontrakt shartnoma pulini to‘lashning so‘nggi muddati qachon?  

Mazkur savol yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ul xodimi Yusuf Pardayev quyidagilarni ma’lum qildi.  

– Belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining kamida 25 foizini talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 15 sentyabrgacha yoki davlat qabul komissiyasi belgilagan muddatgacha hamda ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalar uchun 1 oktyabrgacha yoki OTM rahbariyati tomonidan uzaytirilgan muddatgacha to‘lanishi belgilangan.  

Shu bilan birga, belgilangan to‘lov miqdorining kamida 50 foizi 1 yanvargacha, 75 foizi 1 aprelgacha va 100 foizi 1 iyulgacha yoki OTM rahbariyati tomonidan uzaytirilgan muddatlargacha to‘lanishi lozim. Xorijiy fuqarolar uchun OTM rahbariyati belgilagan muddatlargacha to‘lash kerak bo‘ladi.  

Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga o‘quv yilining birinchi yarmi uchun to‘lovlarni amalga oshirish muddati va miqdorlari Davlat komissiyasi tomonidan va qolgan qismi OTM rektori (filial direktori) tomonidan belgilangan muddatlargacha amalga oshirish belgilangan.  

Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka muvofiq moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlariga talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilgan. 

Alohida aytib o‘tish kerakki, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, shuningdek yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki turmush o‘rtog‘ining ta’lim olishi) uchun to‘lovlarga yo‘naltirgan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi.  

Mazkur imtiyoz soliq to‘lovchining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlarini (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan daromadlariga nisbatan ham qo‘llaniladi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA