Qo‘lida qurol, yuragida yurt sevgisi – harbiy xizmatchi qiyofasi asrlar davomida shu tarzda tasvirlanadi. Ammo bugungi dunyoda harbiy kuch nafaqat mushak va texnikada, balki fikrda, tahlilda va tilda ham namoyon bo‘lmoqda.
Ana shunday murakkab vazifalar oldida turgan harbiy xodimni qanday tayyorlash mumkin? Javob aniq: yangi fikrlaydigan, tuzilmada mustaqil harakat qiladigan, eng muhimi, anglash va tushunish qobiliyatiga ega insonlarni yetishtirish kerak. Bu borada ta’lim tizimida konstruktivizm deb nomlangan yondashuv tobora ko‘proq tilga olinmoqda.
Konstruktivizm – bu ta’limda o‘qituvchi markazida emas, o‘quvchi markazida bo‘ladigan uslub. Ya’ni kursant, talabadan faol ishtirokchi – savol beradigan, taklif etadigan va javob topadigan shaxs tayyorlanadi. "Harbiy tizimda intizom, buyruq, itoat bor, u yerda erkin fikrga o‘rin yo‘q", deyish mumkin. Lekin bugungi kunda harbiy xizmatchi ko‘pincha noaniq vaziyatlarda, zudlik bilan qaror qabul qilishga majbur bo‘ladi. Uni bu qarorga tayyorlaydigan narsa esa – mustaqil tahlil qilish, anglash va tez harakat qilish ko‘nikmasidir. Bu esa konstruktivizmning aynan o‘zi.
Keling, til masalasiga to‘xtalaylik. Harbiylar uchun ingliz tili faqat grammatik qoidalarni yodlash emas, balki jonli vaziyatda javob berish, noto‘g‘ri tushunmaslik va zarur bo‘lsa, boshqani ham tushuntirish demakdir. Shu bois, til o‘rgatishda ham konstruktiv yondashuv muhim ahamiyatga ega. Masalan, harbiy mashg‘ulotda "Top-down approach" degan ifoda tushunarsiz bo‘lsa, u amaliyotda noto‘g‘ri bajarilishi mumkin. Agar kursant so‘zni kontekstda o‘rgansa, uni tushunadi, tushuntirishga ham qodir bo‘ladi. Shu tariqa, til o‘rganishdan foyda ko‘rinadi, bu ishonch uyg‘otadi. Barchasi – yondashuvdan. Harbiy ta’limda ham nazariy darslardan tashqari, jamoaviy topshiriqlar, simulyatsiya asosidagi vaziyatlar, voqea tahlili orqali o‘qitish jarayonini jonlantirish mumkin. Bunday usul kursantda nafaqat bilim, balki sharhlash, taklif qilish, mulohaza yuritish kabi hayotiy ko‘nikmalarni shakllantiradi.
Harbiy xizmatchi xalqaro muhitda ish olib boradi, yozadi, tinglaydi, muloqot qiladi. Ana shunday xizmatchi yetishtirish uchun ta’lim tizimi ham o‘zgarayotgan dunyoga ko‘z tikkani ma’qul. Konstruktivizm bu jarayonda qarashlarni sindirmaydi — aksincha, uning mafkurasida inson qadri va salohiyati turibdi.
Umida Karimova,
Samarqand davlat chet tillari instituti o‘qituvchisi