O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni “O‘zbekiston-2030” strategiyasi maqsadlariga muvofiq, inson huquqi va erkinligini ishonchli sud himoyasi bilan ta’minlash, Konstitutsiyaning so‘zsiz ustuvorligini kafolatlash, konstitutsiyaviy odil sudlov samaradorligini oshirish, shuningdek jarayonni bosqichma-bosqich raqamlashtirish orqali Konstitutsiyaviy sud faoliyatida shaffoflik va ochiqlika erishishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini nazarda tutadi.
Zamonaviy huquqiy davlatda sud hokimiyati shaffofligi va sudning fuqarolar uchun ochiqligi huquq ustuvorligi muhim kafolati hisoblanadi. Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga raqamli texnologiyalar joriy etilishi inson huquqi va erkinligi muhofazasi jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Shu nuqtai nazardan Konstitutsiyaviy sud ishi yuritilishini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan yuqoridagi farmon sud faoliyatida shaffoflik hamda konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish darajasini yanada yaxshilash, samaradorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlanishi mazkur yo‘nalishdagi islohotlar huquqiy mexanizmini belgilab berdi. Mazkur dastur Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga raqamli texnologiyalarni kompleks joriy etishni nazarda tutib, sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarini qamrab oladi.
Raqamlashtirish jarayonining asosiy maqsadi Konstitutsiyaviy sud faoliyatida shaffoflikni oshirishdan iborat, shuningdek fuqarolar va yuridik shaxslar uchun sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirish hamda sud himoyasining samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan.
2026-2027 yillarga mo‘ljallangan raqamlashtirish dasturi doirasida quyidagi bir qator muhim yo‘nalishlar belgilandi.
Birinchidan, sud ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy sud majlisining vaqti va joyi haqida elektron tarzda xabardor qilish tizimi joriy etiladi. Ushbu mexanizm sud jarayonida xabardorlik darajasini oshiradi, protsessual huquqni ta’minlaydi.
Ikkinchidan, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida, jumladan mobil ilova orqali o‘tkazish imkoni yaratilib, xususan, hududiy jihatdan uzoqda joylashgan shaxslar uchun konstitutsiyaviy odil sudlovga kirish imkoniyatini kengaytiradi.
Uchinchidan, Konstitutsiyaviy sud faoliyati to‘g‘risidagi axborot ochiqligini ta’minlash maqsadida fuqaro va yuridik shaxslarga interfaol xizmat ko‘rsatuvchi axborot tizimi yaratiladi.
To‘rtinchidan, odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotni vakolatli davlat idoralari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish amaliyoti joriy etilishi fuqarolar va yuridik shaxslarni ortiqcha hujjat to‘plashdan, qog‘ozbozlikdan ozod qiladi.
Beshinchidan, sud majlisini audioyozuv orqali qayd etish va sud majlisi bayonnomasini avtomatik shakllantirish jarayon ishonchliligi va xolisligini ta’minlaydi.
Farmonga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud axborot tizimini davlat idoralari va tashkilotlari axborot tizimiga ulash maqsadida alohida “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, integratsiya orqali jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli mavjud ma’lumotlar, shuningdek boshqa zarur hujjatlar Konstitutsiyaviy sudning elektron so‘rovi asosida bepul taqdim etiladi.
2027 yildan boshlab Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga “E-KSUD” axborot tizimini sinov tariqasida joriy etish nazarda tutilgan. Bunday tizim Konstitutsiyaviy sudga elektron shaklda murojaat qilish va murojaatni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish, fuqarolar va yuridik shaxslarga interfaol xizmat ko‘rsatish orqali odil sudlovga erishish, sud majlisi jonli efirga uzatilishini joriy etish va shu bilan birga nogiron shaxslar uchun maxsus shart-sharoit yaratishga qaratilgan.
«E-KSUD» axborot tizimi joriy etilishi va davlat idoralari axborot tizimiga ulanish orqali mamlakatimizda konstitutsiyaviy odil sudlovning zamonaviy, raqamli modeli shakllantirilishi fuqarolar va yuridik shaxslar sudga murojaat qilishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Ish yuritish jarayoni to‘liq raqamlashtirilishi orqali fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish uchun shaxsan kelish, ortiqcha hujjat to‘plash, uzoq vaqt sarflashga majbur bo‘lmaydi. Elektron murojaat qilish, onlayn kuzatuv va videokonferensaloqa orqali jarayonda ishtirok etish imkoni yaratiladi. Sud majlisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilishi, audioyozuvga olinishi va elektron sud majlisi bayonnomasi shakllantirilishi orqali sud qarori qanday qabul qilinayotgani ochiq ko‘rinadi. Endi fuqarolar va yuridik shaxslar turli idoralardan ma’lumot olib kelish uchun ovora bo‘lmaydilar, sudning o‘zi zarur ma’lumotni davlat elektron tarzda oladi. Bu esa vaqt va mablag‘ni tejaydi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, sohani yanada takomillashtirish, inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquqi va erkinligi muhofazasi zamonaviy mexanizmini joriy etish, shuningdek ish yuritish jarayonini bosqichma-bosqich raqamlashtirish Konstitutsiyaviy sud faoliyati ochiqligi, shaffofligi va tezkorligi ta’minlanishi, fuqarolar va yuridik shaxslar konstitutsiyaviy huquqi va erkinligi ishonchli himoya qilinishi va pirovardida odil sudlovga erishilishiga xizmat qiladi.
J.Balkibayeva, K.Davletova,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi sudyalari.
O‘zA