Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish - davr talabi
17:42 / 2025-12-19

Hozirgi global zamonda mamlakatimizda davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish, xususan, sud tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish davr talabiga aylandi. So‘nggi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, odil sudlovga erishish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini berdi.

Mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kuchaytirish hamda Konstitutsiyaviy sudning qonun ustuvorligini ta’minlashdagi rolini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 18 dekabr kuni  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.

Farmonga ko‘ra, 2026–2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini raqamlashtirish, jumladan, sud ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy sud majlisining vaqti va joyi haqida “Sud xabarnomasi” elektron xizmati va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali Davlat byudjeti hisobidan elektron tarzda xabardor qilish; sud majlislari videokonferensaloqa rejimida, shu jumladan, mobil ilovadan foydalangan holda o‘tkazilishini ta’minlash; Konstitutsiyaviy sud faoliyati to‘g‘risidagi axborotning ochiqligini ta’minlash maqsadida fuqaro va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatadigan axborot tizimlarini yaratish; odil sudlovni amalga oshirishda zarur bo‘lgan ma’lumotlarni fuqaro va yuridik shaxslarni ovora qilmagan holda vakolatli davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish; sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizim yordamida shakllantirish belgilangan. Bunday tartib ortiqcha byurokratiyani kamaytirib, fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish jarayonini soddalashtirib, vaqtni tejash va masofadan turib huquqlarni tiklash imkonini beradi. Sud majlislarining onlayn translyatsiya qilinishi ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini mustahkamlaydi.

Shuningdek, Farmondagi yana bir muhim jihat - Konstitutsiyaviy sud axborot tizimini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda integratsiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi ma’lumotlar va boshqa hujjatlar Konstitutsiyaviy sudning elektron so‘rovi bo‘yicha bepul asosda taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tilgani. Bu jarayon зарур ma’lumotlarni tezkorlik bilan olish, qonun hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini o‘rganish jarayonini tezlashtirish, qog‘ozbozlik va byurokratiyaga chek qo‘yish imkonini beradi.

Shu jumladan, Farmonning dolzarb va zamonaviy yo‘nalishlaridan biri - 2027 yil 1 avgustdan boshlab Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga Konstitutsiyaviy sudga elektron shaklda murojaat qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish, fuqarolar va yuridik shaxslarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish, sud majlislarini jonli efirga uzatish imkoniyatini yaratish va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish imkoniyatlariga ega “E-KSUD” axborot tizimi sinov tariqasida joriy etilishi belgilab berildi. Umuman olganda,  Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga “E-KSUD” axborot tizimining joriy etilishi sohani to‘liq raqamlashtirish va konstitutsiyaviy odil sudlovning samaradorligini oshirish va fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘zda tutadi. 

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish — bu shunchaki texnik yangilanish emas, balki inson huquqlarini himoya qilish tizimining demokratik va ochiq bo‘lishini ta’minlovchi strategik qadamdir. Bu islohotlar "Inson qadri uchun" tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘lib, adolatli sudlovga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Umidjon Giyazov,

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudining katta eksperti.

                                    O‘zA