Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy sud faoliyati raqamlashtiriladi
16:33 / 2025-12-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Ma’lumki, 2025 yil 18 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirish, uning ishiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, ichki tuzilishi qayta ko‘rib chiqilib, konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini yangi pog‘onaga olib chiqishning yangi huquqiy asoslari takomillashtirildi.

Davra suhbatida ushbu farmon mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilinar ekan, mazkur hujjat yurtimizda konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash va jamiyatda adolat prinsiplarini qaror toptirish yo‘lidagi navbatdagi katta qadam bo‘lgani e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini to‘liq raqamlashtirish — tezkorlik va shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi, fuqarolar uchun qulaylik yaratadi, ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytiradi, ish yuritish sifatini oshiradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada birinchi marotaba Konstitutsiyaviy sud har yili parlamentga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etishi belgilagan edi. Farmon bilan Konstitutsiyaviy sud tomonidan yuqorida qayd etilgan axborotni kiritish tartiblari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, farmonda Konstitutsiyaviy sudning murojaatlarni ko‘rib chiqishida yangi tartib belgilanyapti. Endilikda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi bo‘lmagan fuqaro yoki yuridik shaxs tomonidan murojaat qilganda, Konstitutsiyaviy sud uni shunchaki muallifga qaytarmaydi, balki Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektga yuboradi. Ya’ni, Konstitutsiyaviy sudga qilingan murojaat bee’tibor qoldirilmaydi. Bu esa inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda konstitutsiyaviy nazoratning rolini oshiradi.

Davra suhbatidagi muhokamalardan so‘ng Konstitutsiyaviy sud ish yurituvining qonuniy asoslarini takomillashtirish, bu borada parlamentning mas’ul qo‘mitasi bilan yaqin hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA