Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamasi 1 avgustgacha uzaytirildi
11:58 / 2022-07-15

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari muhokama qilinmoqda.

Majlisda dastlab Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ma’ruza qildi. 

– Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallada davom etyapti, – dedi J.Shirinov. – bugungi kunga qadar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan jami 80 mingdan ziyod taklif kelib tushgan.

Bildirilayotgan fikr-mulohazalarda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar o‘z vaqtida bo‘layotgani ta’kidlanib, Prezidentimizning Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda ilgari surgan takliflari va g‘oyalari keng jamoatchilik tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalarida fuqarolarning faolligi kuchayayotgani, kelib tushayotgan takliflar soni tobora oshayotgani umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish zaruratini yuzaga keltiryapti. Shundan kelib chiqib, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 2022 yil 1 avgustgacha uzaytirishni taklif etamiz. 

Ta’kidlanganidek, loyihada taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Konstitutsiyasining oltmishdan ortiq moddasini qamrab oladi. Unda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish kabi ko‘plab normalar belgilanmoqda. Davlat qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini, tadbirkorlik rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqliligi belgilab qo‘yilmoqda. 

Muhokamalardan keyin Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 2022 yil 1 avgustgacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 


M.Komilova, O‘zA